Bugundan Germaniyada ham yangi mavsum boshlanadi.
Bundesliga. 1-tur
«Bavariya» — «Herta». 16 avgust. Myunxen. «Allyans Arena» stadioni.
«Borussiya» D — «Augsburg». 17 avgust. Dortmund. «Signal Iduna Park» stadioni.
«Bayyer» — «Paderborn». 17 avgust. Leverkuzen. «BayArena» stadioni.
«Volfsburg» — «Kyoln». 17 avgust. Volfsburg. «Folksvagen Arena» stadioni.
«Verder» — «Fortuna». 17 avgust. Bremen. «Vezershtadion» stadioni.
«Frayburg» — «Mayns». 17 avgust. Frayburg. «Shvarsvald-Shtadion» stadioni.
«Borussiya» M — «Shalke». 17 avgust. Menxengladbax. «Borussiya-Park» stadioni.
«Ayntraxt» F — «Hoffenxaym». 18 avgust. Frankfurt-na-Mayne. «Kommersbank-Arena» stadioni.
«Union» — «Leypsig». 18 avgust. Berlin. «Stadion An der Alten Forsterei» stadioni.
Dortmundliklar yuragidagi zirapcha
Ikki hafta muqaddam Dortmundning «Borussiya»si «Der Klassiker»da g‘alaba qozongan va Germaniya Superkubogini qo‘lga kiritgandi. Umuman, bu Lyusen Favrning «Bavariya» ustidan tipik g‘alabasi bo‘ldi. Myunxenliklar o‘yinning aksar vaqtida to‘pga egalik qilishdi, ammo «arilar»ning shitob bilan uyushtirgan hujumlari o‘tkazib yuborildi. Endi «Bavariya» o‘z xatolaridan xulosa chiqarib, bu jamoaga qarshi o‘yinga boshqacharoq tayyorgarlik ko‘rishi mumkin, ammo o‘tgan mavsumda yuragida alam qolgan «Borussiya»ga qarshi turish oson bo‘lmaydi.
Germaniya chempionatining o‘tgan mavsumning birinchi qismida «Borussiya» mukammal jamoadek ko‘ringandi. Dortmundliklar 16-turga qadar mag‘lubiyatga uchrashmadi, qishki chempion bo‘lishdi, fevralda ikkinchi o‘rindagi «Bavariya»dan 9 ochko ko‘p jamg‘argan holda ishonch bilan peshqadamlik qilayotgan va amalda chempionlik masalasi hal bo‘lgandek, «Kumush tovoq» bu safar Dortmundga ketadigandek edi. Ammo nemis futbolidagi asosiy sovrin bu safar ham, qatorasiga yettinchi marta Myunxenga yo‘l oldi.
«Bavariya» qayta qurish davrida ham sovringa ega chiqdi - buning uchun jamoa o‘z vazifasini qilishi kifoya bo‘ldi. «Borussiya» esa «Nyurnberg» va «Augsburg» kabi oson raqiblarga qarshi o‘yinlarda qoqildi, bavarlar birinchi o‘ringa qaytishga imkon berganida esa o‘z uyida «Shalke»ga qarshi Rur derbisida mag‘lubiyatga uchradi, Bremendagi o‘yinda ikki to‘p farqidagi ustunlik boy berildi, yakunda «Borussiya» Dortmund myunxenliklardan ikki ochko ortda qolib ketdi (78ga 76).















