O‘zbekistonga kelayotgan xorijiy sayyohlar oqimini aviatashuvlar tizimida mavjud muammolarni yechish yo‘li orqali ko‘paytirish maqsadida O‘zbekiston Prezidentining 2019 yil 13 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasida turizm sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan 2019 yilning 1 oktyabridan “Qarshi”, “Nukus” va “Termiz” xalqaro aeroportlarida “beshinchi havo erkinligi” darajasini qo‘llagan holda “Ochiq osmon” rejimi joriy qilinadi, “Buxoro” xalqaro aeroporti ham xorij fuqarolarini tashish uchun xuddi shunday erkinlikni qo‘lga kiritadi.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining Tashish tizimini yaxshilashga ko‘maklashish bo‘limi boshlig‘i v.b. Zafarjon Vohidov “Ochiq osmon” rejimi bo‘yicha izoh berdi.

“Ochiq osmon” nima degani? Ochiq osmon bu xorijiy aviakompaniyalar uchun mamlakat havo yo‘llaridan foydalanish imkoni va shartlarini liberallashtirish va yengillashtirish demakdir. Ushbu rejim mamlakatga kelayotgan turistlar oqimni oshirish hamda uning mintaqaviy aviatsion xab sifatidagi salohiyatini oshirish uchun qo‘llaniladi. “Ochiq osmon” rejimi bozorni xalqaro aviakompaniyalarga mamlakat aeroportlari va ularning quruqlikdagi xizmatlari uchun ochadi. “Ochiq osmon”ning asosiy tamoyillari nafaqat tranzit parvozlar uchun huquq taqdim etish, balki hukumatning marshrutlar hamda aviakompaniyalarning narx hosil qilish va belgilash jarayonlariga aralashmaslik, shuningdek samolyotlar va ularning quvvati turlariga doir cheklovlarning yo‘qligini ham anglatadi”, - deydi u.

Jahon tajribasiga ko‘ra, “Ochiq osmon” siyosatining qo‘llanilishi yo‘lovchi tashuvlarini o‘rtacha 35 foiz (usiz 8 foiz)ga oshirish imkonini berdi. Bu shuningdek aviachiptalar narxini 20 foizdan 40 foizgacha pasaytirdi. Bundan tashqari, mazkur rejim o‘n minglab yangi ish o‘rinlarini yaratadi. Masalan, Avstraliya va Yangi Zelandiya o‘rtasidagi kelishuv 40 ming kishini ish bilan ta’minladi, Singapurdagi liberal havo rejimi 163 ming ish o‘rnini yaratdi. Umuman olganda, bugunga kelib fuqaro aviatsiyasi dunyo miqyosida 63 million kishini ish bilan ta’minlamoqda va uning jahon YaIMdagi hissasi 3,5 foizni tashkil qiladi.

Ta’kidlash joizki, havo kengligidagi erkinlik fuqaro aviatsiyasining qator qoidalarini o‘zida jamlaydi va bu qoidalar bir mamlakat aviakompaniyasiga boshqa mamlakatning havo kengligiga kirish hamda uning hududiga qo‘nish huquqini beradi. Mazkur qoidalar 1944 yilgi “Xalqaro fuqarolik aviatsiyasi to‘g‘risidagi konvensiya”da qayd etilgan aviatsiya liberallashuv darajasi bo‘yicha murosalar natijasida shakllantirilgan.

Shu o‘rinda Zafarjon Vohidov “beshinchi havo erkinligi” tushunchasiga oydinlik kiritdi:

“Beshinchi havo erkinligi” aviakompaniyalarga o‘z mamlakatiga parvoz davomida to‘lov asosida yo‘lovchi va yuklarni bir xorijiy davlatdan boshqasiga tashish huquqini beradi, ya’ni beshinchi erkinlik nafaqat yo‘lovchilarni A nuqtadan B nuqtaga va A nuqtadan S nuqtaga (B nuqtada vaqtincha qo‘nish orqali), balki B nuqtadan S nuqtagacha va S nuqtadan B’gacha ham (A->B->C) tashishni anglatadi. Yo‘lovchilarni eng avvalo B nuqtadan S nuqtagacha va S nuqtadan B’gacha amalga oshiriluvchi parvozlar narxining qimmat emasligi ham o‘ziga jalb qiladi. Yo‘lovchilarning bir qismi faqat V nuqtagacha parvoz qilishi munosabati bilan aviakompaniyada V nuqtadan S nuqtagacha parvozda doim bo‘sh o‘rinlar bo‘ladi va aviakompaniya bu o‘rinlarni maksimal to‘ldirishga harakat qilib, buning uchun maxsus narxlarni qo‘llaydi. Bu holatda yo‘lovchi ko‘pincha kichik masofalarga B747/777, A330/A340 turdagi uzoq magistralli samolyotda aviaparvozni amalga oshirishi mumkin bo‘ladi”.