7-avgust kuni Toshkent xalqaro aeroportining tashabbusi bilan Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanida parvozlarning qidiruv-qutqaruv faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha idoralararo keng ko‘lamli o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi. Bu haqda aeroport matbuot xizmati xabar bermoqda.
O‘quv mashg‘uloti rejasiga muvofiq, Istanbul–Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha parvoz qilayotgan yo‘lovchi samolyoti qo‘nishga yaqinlashganda havo dispetcheri va ekipaj o‘rtasidagi aloqa uzilib qoladi. Havo kemasi Toshkent shahriga yetmay aviafalokatga uchraydi.
Ushbu samolyotni qidirib topish va qutqaruv ishlarini olib borish maqsadida, dispetcherlar favqulodda vaziyat haqidagi ma’lumotlarni zudlik bilan aeroportning yerdagi qidiruv qutqaruv ishlarini ta’minlash guruhiga uzatadi hamda boshqa hamkorlikdagi xizmatlarga xabar beradi. Shundan so‘ng qidiruv qutqaruv ishlari boshlanadi.

Simulyatsion favqulodda holat oqibatlarini bartaraf etish uchun 250 ga yaqin mutaxassis va idoralararo tuzilmalarning 25 ta maxsus texnikasi jalb qilindi. Favqulodda vaziyatlar, Mudofaa, Sog‘liqni saqlash, Ichki ishlar vazirliklari, Milliy gvardiya hamda Toshkent xalqaro aeroporti bilan hamkorlikda tashkil etilgan mashg‘ulotlar doirasida qutqaruvchilar o‘z guruhlarining tayyorgarligi, yong‘inni o‘chirish jarayonida muvofiqlashtirish, odamlarni evakuatsiya qilish, jabrlanganlarni jarohatining og‘ir-yengilligiga qarab taqsimlash, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish va jarohatlanganlarni tibbiyot muassasalariga yetkazish, shuningdek, samolyot bortidagi xavfli yukni evakuatsiya qilish bo‘yicha ishlar amalga oshiriladi.
Qayd etilishicha, “Toshkent xalqaro aeroporti” MChJ aeroport hududidagi mashg‘ulotlardan tashqari, yiliga bir necha bor aeroportlar tashqarisida ham bunday kompleks o‘quv tadbirlarini o‘tkazadi.

Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad – aviafalokat sodir bo‘lgan taqdirda qator vazirlik va idoralar, Toshkent aeroportining bo‘linmalari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikda harakatlanishni ta’minlash, aviafalokat oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rish hamda xodimlarning favqulodda vaziyatlarga tayyorgarligini oshirishdan iborat.
O‘tkazilgan o‘quv mashg‘uloti bo‘yicha bo‘lim va idoralar o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqildi. Toshkent aeroporti hamda tegishli idoralarning kuch va vositalari tayyorgarligi yuqori baholanib, favqulodda holat sodir bo‘lgan taqdirda tezkor choralar ko‘rishga to‘liq tayyor ekani e’tirof etildi.











