Sport | 01:12 / 21.08.2019
58913
3 daqiqa o‘qiladi

Andijon viloyati hokimi: «14-o‘rindagi jamoaga nega pul berishim kerak?»

Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonovning «Andijon» futbol klubi haqida gapirgan so‘zlari ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.

Qisqa videolavhada viloyat rahbari futbol klubi uchun juda katta mablag‘ sarflanayotganiga qaramay, natijalari past ekanini tanqid ostiga olgan. 

«14-o‘rinda... Menga alam qilmaydimi? 17 milliard so‘mga stadion qilib bersam, oyma-oy oyligini bersam... Eng kami 10 million oylik olishadi... Dalaga chigit eksang, paxta bo‘ladi, institutga talaba kirsa do‘xtir bo‘ladi, o‘qituvchi bo‘ladi yoki boshqa... Qo‘liga pul bersamu, yutqazib kelaversa. Nega ularga pul berishim kerak? Alam qilmaydimi? Eng yomoni – bu 100 foiz homiylik bilan bo‘ladigan narsa. Homiylar ham komanda yaxshi bo‘lsa homiylik qiladi-da... 14-o‘rinda bo‘lsa, yutqazib kelaversa, homiylarga bu yoqadimi? Menga shu alam qildi. Oxiri gaplashmay qo‘ydim, kerak emas menga bunday futbol.

Yaqinda yuragim achishib, baribir yana pul berdim. Shundan keyin 2-3 o‘yinda 10-o‘ringa chiqib olishdi. Agar yutib kelsang, har o‘yinda oladigan oyligingdan tashqari 100 million so‘m mukofot beraman deyapman. «Metallurg»ni yutib kelganida 100 million so‘mni qopi bilan olib kelib berdim. «Navbahor»ga qarshi o‘yindan oldin muovinim orqali 280 million so‘m berib yubordim. Telefonda kuch-quvvat tiladim, agar «Navbahor»ni yutsang yana 100 million so‘m beraman dedim. 0:1 hisobida yutqazib qo‘yishdi. Yaxshi o‘ynadimi yo‘qmi bilmadim, lekin yutganida yana berardim. Natija bo‘lsa beraman, natija bo‘lmasa nega berishim kerak? 10 million so‘m kichkina oylikmas. Buncha pulni olgan odam bor kuchini sarflab, mehrini berib o‘ynashi kerak, faqat futbolni o‘ylashi kerak. Ammo bunaqa narsa yo‘q», - dedi Shuhrat Abdurahmonov.   

Ma'lumot o‘rnida, «Andijon» klubi Superliganing 17 turidan so‘ng atigi 3ta o‘yinda g‘alaba qozongan, 7 marta durang o‘ynab, shuncha marta yutqazgan. Jamoa 16 ochko bilan 11-o‘rinni egallab turibdi.

Mavzuga oid