Myunxenliklar Filippe Koutinoni 8,5 million yevroga bir mavsum uchun ijaraga olishdi. Endi kataloniyaliklar undan Neymarni transfer qilishda foydalana olishmaydi. «Sport-Ekspress» nashri ushbu transfer haqida maqola e'lon qildi.
Neymarning merosxo‘ri
2017 yil yozida Neymar shov-shuvli tarzda «Pari Sen-Jyermen» safiga o‘tgach, «Barsa» rahbariyati ushbu transferdan tushgan 222 million yevroni nimaga sarflashga bilmay qolgandi. Klub prezidenti Xosep Bartomeu bu pulni Koutino va Dembele uchun sarflashga qaror qildi. O‘shanda Filippe «Vissel Kobe»ga yo‘l olgan Inestani ideal darajada almashtirishi, Dembele esa Neymarning merosxo‘ri bo‘lishi kutilgandi.
Amalda esa barchasi boshqacha bo‘lib chiqdi: o‘tgan ikki yil davomida Dembele o‘z salohiyatini ko‘rsata olmadi, u doimiy ravishda jarohat oldi va mashg‘ulotlarga kechikib, yirik miqdorlarda jarimalar to‘ladi. Koutino esa bir yarim mavsumda (u jamoaga 2018 yil 6 yanvarida qo‘shilgan) barcha turnirlar doirasida 21 gol urib, 11 golga uzatma berdi, ammo bu statistika uning o‘yini kuchli bo‘lganini anglatmaydi. Braziliyalik futbolchi umuman Ernesto Valverde tuzgan jamoada o‘z o‘rnini topa olmadi, u goh hujumkor yarimhimoyachi, goh chap qanot hujumchisi rolida sinab ko‘rildi, zaxira futbolchisiga aylangach uni mish-mishlarda goh «PSJ»ga, goh «Tottenhem»ga jo‘natishdi, hatto«Liverpul»ga qaytarishdi — qayerga ketsa ketsin, muhimi «Barselona»dan uzoqda bo‘lsin.
«Barsa» bonus to‘lashni istamaydi

Ko‘k-anorranglilar rahbariyati avval ham amalda Filippening transferi xato bo‘lganini tan olishgandi. Hozirda katalonlar klub tarixidagi eng qimmatbaho xarid klubga kerak emasligini rasman tasdiqlashdi: Koutino bir mavsumni «Bavariya»da ijara asosida o‘tkazadi. Myunxenliklar klubi «Barsa»ga 8,5 million yevro to‘laydi va keyingi yil yozida Koutinoni sotib olishi mumkin bo‘ladi. Kataloniyada Messi va Suaresdan keyin eng ko‘p maosh oluvchi uchinchi futbolchi bo‘lmish bu braziliyalik (yiliga 13,5 million yevro) futbolchini nemislar o‘z safida olib qoladimi yo‘qmi, vaqt ko‘rsatadi. «Barsa» esa nafaqat maydonda ortiqchalik qilayotgan Koutinodan, balki xarajatlar smetasida ham muammo tug‘dirayotgan Koutinodan xalos bo‘lishdi. Qolaversa, 120 million yevroga sotib olingan futbolchi bir yarim yil o‘tib ijaraga berilishi — «Barselona» rahbariyatining jiddiy xatosi sifatida eslab qolinadi.
«Barsa» xarajatni qisqartirishga harakat qilmoqda: Filippe ijaraga berilishi tufayli, klub «Liverpul»ga beriladigan puldan 25 million yevro tejab qolishi mumkin. Koutino «Barselona»ga o‘tganida, shartnomada futbolchi yangi klubida 100ta o‘yin o‘tkazsa, mersisaydliklarga qo‘shimcha 20 million yevro to‘lab berishi (braziliyalik 76 o‘yinda ko‘k-anorranglilar futbolkasida maydonga tushishga ulgurdi) va Chempionlar ligasida g‘alaba qozonilsa, yana 5 million yevro miqdorida bonus mablag‘lari o‘tkazilishi belgilangandi. Agar «Barsa» 25 million yevroni saqlab qolishni istasa, keyingi yilda uni kimga bo‘lsa ham sotishiga to‘g‘ri keladi, Koutino Myunxenda qolishi ehtimoli juda past. «Bavariya» behuda pul sarflaydigan jamoa emas. Klubning tajribali rahbarlari keyingi yilda 28 yoshda bo‘ladigan futbolchi uchun 120 million yevro to‘lashiga ishonish qiyin.















