O‘zbekiston | 11:17 / 23.08.2019
8469
2 daqiqa o‘qiladi

Energetika vazirligiga qo‘shimcha vazifalar yuklandi 

Foto: TASS

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi zimmasiga quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklandi:

iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, iqtisodiyotning energiya sarfi hajmini pasaytirish sohasida yagona davlat siyosatini olib borish, shuningdek, energiya tejovchi ilg‘or texnologiyalar faol joriy etilishini rag‘batlantirish;

energiya samaradorligini oshirish maqsadida, shu jumladan, ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkillashtirish va o‘tkazish orqali investitsiya loyihalari bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;

davlat organlari va tashkilotlarida, iqtisodiyot tarmoqlari tashkilotlarining ishlab chiqarish jarayonlariga zamonaviy energiya samarador va energiya tejovchi texnologiyalar joriy etilishini rag‘batlantirish mexanizmlarini ishlab chiqish, shuningdek, energiya resurslarini sarflash samaradorligi monitoringini amalga oshirish;

xalqaro tajribani hisobga olib va zarur bo‘lganda, xorijiy mutaxassislarni jalb etgan holda energetika auditi sohasidagi mutaxassislar va energetika xizmatlarini yetkazib beruvchilar malakasini oshirish uchun treninglarni tashkillashtirish;

energiya auditorlari faoliyatini tashkil etish tartibini belgilash, yoqilg‘i-energetika resurslari iste'molchilari majburiy energetik tekshiruvdan o‘tkazilishi va tegishli tavsiyalar bajarilishining monitoringini, shuningdek, energiya servis kompaniyalari faoliyati monitoringini amalga oshirish;

idoraviy mansubligidan va mulkchilik shaklidan qat'i nazar yuridik shaxslarga nisbatan yoqilg‘i-energetika resurslaridan samarasiz foydalanganlik uchun iqtisodiy jazo choralarini qo‘llash.

O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligining markaziy apparati tuzilmasida Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya samaradorlik va energiya tejamkorlik bo‘yicha departament tashkil qilinmoqda.

Mavzuga oid