O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 23 avgust kuni xalq ta'limi tizimini rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod ma'naviyatini yuksaltirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
«Davlatimiz rahbari prezidentlik faoliyatining dastlabki kunlaridan boshlab yurtimizda innovatsion va kreativ fikrlaydigan, zamonaviy kadrlar tayyorlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida, yuksak ma'naviyat egalari etib tarbiyalash, shu maqsadda ta'lim tizimini takomillashtirish masalalariga alohida e'tibor qaratib kelmoqda.
Prezidentimiz yig‘ilishda maktab ta'limi tizimini isloh qilish bo‘yicha mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, bu borada oldimizda turgan dolzarb vazifalar haqida fikr yuritar ekan, ulug‘ ma'rifatparvar bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiyning «Dunyo imoratlari ichida eng ulug‘i maktabdir» degan fikrini alohida ta'kidlab, bu masalaning mohiyati va ahamiyatiga atroflicha to‘xtalib o‘tdi.
Haqiqatan ham, jahondagi rivojlangan davlatlar tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, ularda jamiyat hayotini o‘zgartirishga qaratilgan islohotlar avvalo ta'lim tizimidan, bog‘cha, maktab, tarbiya masalasidan boshlanganini ko‘ramiz. Chunki maktabni o‘zgartirmasdan turib, odamni, jamiyatni o‘zgartirib bo‘lmaydi. Ta'lim va tarbiyaning asosi, poydevori bu – maktab. Maktabni maktab qiladigan kuch esa o‘qituvchilardir.
Ma'lumki, murakkab o‘tish yillarida maktablardagi ma'naviy-ma'rifiy muhit, o‘qituvchi kasbining obro‘yi, nufuzi pasayib ketgani, yangi davr pedagoglarini tarbiyalash, pedagogika fanini rivojlantirish, innovatsion ta'lim texnologiyalarini joriy etishga yetarli e'tibor berilmagani sohada bir qator jiddiy muammolarni keltirib chiqardi.
Keyingi yillarda ana shu muammolarni samarali hal etish, kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha mamlakatimizda ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimiz tomonidan xalq ta'limi tizimiga oid 6ta farmon va qaror, Vazirlar Mahkamasining 21ta qarori qabul qilinib, bu sohadagi islohotlarning huquqiy-me'yoriy asoslari mustahkamlandi.
Ota-onalar, jamoatchilikning istaklari inobatga olinib, yurtimizda 11 yillik maktab ta'limi tizimi tiklandi. So‘nggi uch yilda yurtimizda 157ta umumta'lim maktabi yangidan qurildi.
Ulug‘ allomalarimiz – Mirzo Ulug‘bek va Muhammad Xorazmiy nomidagi iqtidorli bolalar maktablari, Hamid Olimjon va Zulfiya, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Ibroyim Yusupov, Ishoqxon Ibrat, Muhammad Yusuf, Halima Xudoyberdiyeva nomlari bilan atalgan ijod maktablari, «Temurbeklar maktabi», Prezident maktablari, xususiy maktablar singari yangi va zamonaviy namunadagi ta'lim dargohlari tashkil etilgani yurtimiz farzandlari uchun ta'lim-tarbiya olish borasida yangi imkoniyatlar ochib bermoqda.











