BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) maʼlumotlari asosida haydaladigan yerlar maydoni eng katta boʻlgan davlatlar reytingi tuzildi.
Unga koʻra, Hindiston qariyb 154 mln gektar koʻrsatkich bilan birinchi oʻrinni egallagan. AQShda haydaladigan yerlar maydoni taxminan 152 mln gektarni tashkil etib, mamlakat reytingda ikkinchi boʻlgan.
Rossiya 122 mln gektar bilan uchinchi, Xitoy esa 108 mln gektar bilan toʻrtinchi oʻrinni egallagan.
Keyingi oʻrinlarda Braziliya - 55,6 mln gektar, Argentina - 40,4 mln gektar va Kanada - 38,2 mln gektar koʻrsatkich bilan qayd etilgan.
Nigeriyada haydaladigan yerlar maydoni 36,9 mln gektarni tashkil etadi. Ukrainada bu koʻrsatkich 32,9 mln gektar, Avstraliyada esa qariyb 31 mln gektarga teng.

Reytingning kuchli oʻn beshtaligiga Pokiston, Qozogʻiston, Sudan, Meksika va Indoneziya ham kirgan. Ularda haydaladigan yerlar maydoni Pokistondagi qariyb 30 mln gektardan Indoneziyadagi 17,8 mln gektargacha boʻlgan oraliqni tashkil etadi.
FAO taʼrifiga koʻra, haydaladigan yerlar qatoriga vaqtinchalik qishloq xoʻjaligi ekinlari yetishtiriladigan maydonlar, vaqtinchalik oʻtloq va yaylovlar, shuningdek, vaqtincha shudgor holatida qoldirilgan yerlar kiradi.
Koʻp yillik ekinlar yetishtiriladigan maydonlar va doimiy yaylovlar esa ushbu koʻrsatkichga kiritilmaydi.


