Skott Bessent va Anton Siluanov AQShning Shimoliy Karolina shtatidagi Ashvill shahrida boʻlib oʻtgan G20 mamlakatlari moliya vazirlari va Markaziy bank rahbarlari uchrashuvi doirasida muzokara Foto: Sam Wolfe/REUTERS


.

Reuters 1-sentabrga oʻtar kechasi muzokara mazmunidan xabardor manbaga tayanib yozishicha, Bessent Siluanovga Rossiya Ukrainadagi urush tugamaguncha iqtisodiy bosimning yumshatilishini kutmasligi kerakligini bildirgan.

Shuningdek, Vashington urush yakunlanguniga qadar boshqa masalalar boʻyicha ham Moskva bilan alohida kelishuvlar tuzish niyatida emasligi aytilgan.

Siluanovning G20 doirasidagi uchrashuvda ishtirok etishi ayrim Yevropa davlatlari vakillarining eʼtiroziga sabab boʻlgan. Reuters qayd etishicha, Yevropa mamlakatlari ayni paytda Ukrainadagi urush tufayli Rossiyaga nisbatan sanksiyalarni kuchaytirish ustida ishlamoqda.

Xususan, Germaniya moliya vaziri va vitse-kansleri Lars Klingbayl Siluanovning bunday tadbirda qabul qilinishini «tashvishli signal» deb atagan. U Rossiya moliya vaziri ishtirok etgan taqdirda G20 vakillarining anʼanaviy umumiy suratiga tushishdan bosh tortishini ham bildirgan.

Klingbaylning aytishicha, Rossiya bilan ochiq muloqot qilish, urush yuzasidan tanqidiy fikrlarni bildirish mumkin, ammo hozirgi sharoitda Siluanov bilan birgalikda umumiy suratga tushish u uchun «haddan tashqari katta qadam» boʻlar edi.

Germaniya vaziriga Yevropaning boshqa mamlakatlari vakillari ham qoʻshilgan va yakunda umumiy surat Rossiya moliya vazirisiz olingan.

Klingbayl, shuningdek, G20 ishtirokchilarining ertalabki umumiy yigʻilishida Siluanovga Ukrainadagi urushni tugatish zarurligini aytganini va Berlinning Kiyevni qoʻllab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqlaganini maʼlum qildi.

Rossiya Moliya vazirligi esa 31-avgust kuni Bessent va Siluanov oʻrtasidagi uchrashuv boʻyicha qisqa bayonot bergan. Unda tomonlar Rossiya-AQSH moliyaviy hamkorligi hamda G20 doirasidagi oʻzaro aloqalarni muhokama qilgani aytilgan.

Rossiya tomoni bayonotida sanksiyalar yoki Ukrainadagi urush bilan bogʻliq shartlar haqida maʼlumot keltirilmagan.

Ayni paytda CNBC AQSH Moliya vazirligi maʼlumotlariga tayanib, Bessent va Siluanov Ashvillda AQSH prezidenti Donald Trampning Ukraina boʻyicha «tinchlik rejasi»ni ham muhokama qilganini xabar qildi.