3 avgust kuni Toshkentda dunyoning 40 dan ortiq mamlakatidan tashrif buyurgan yuzdan ziyod eng mashhur blogerlar, fikr yetakchilari, media-personallar, influyenserlar (ta'sir ko‘rsatuvchilar) va xalqaro onlayn platformaning taniqli vakillari «World Influencers Congress» («Xalqaro yetakchilar kongressi») doirasida yig‘ilishdi.
«World Influencers Congress» - dunyoning yetakchi blogerlari, ijtimoiy tarmoq uchun kontent yaratuvchilardan iborat platforma. Unda ishtirok etayotgan yetakchilarning Instargram, Facebook ijtimoiy tarmoqlarida va Youtube videokontentidagi obunachilari 150 million bo‘lib, joylashtiriladigan har bir materialni 10 milliard odam ko‘zdan kechirishiga imkon beradi.
O‘zbekistonga media vakillarning tashrif buyurishi mamlakatimiz turizm salohiyatini xalqaro maydonda namoyish qilish, tarixiy va boshqa sayyohlik manzillarimizni butun dunyodagi sayohat qilishni xohlovchilar e'tiboriga havola qilishdan iborat.
Forbes jurnali tadqiqotlariga ko‘ra, 18-35 yoshdagilar o‘z sayohatlarini Instargram, Facebook va Youtube platformalaridagi turli turistik videolarni o‘rganish orqali belgilashi aniqlanganini inobatga olsak, kongress O‘zbekistonga keluvchi sayyohlar sonini oshirishi ehtimoli katta.

«World Influencers Congress»da bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov so‘zga chiqib, mamlakat turizm salohiyati va Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qilinayotgan yangi o‘zgarishlar haqida ma'lumot berib o‘tdi.
«Davlat rahbarining mamlakat ochiqligi uchun qilayotgan eng katta o‘zgarishi turistlar uchun viza tizimining osonlashtirilganida namoyon bo‘ladi. Avvalo, 65 ta mamlakat uchun vizasiz muhitning joriy qilinishi va 2020 yilning 1 yanvaridan ularning soni yana 20 taga ko‘payishi ijobiy hodisadir.
Bundan tashqari, 77 ta davlat fuqarolari oldindan elektron viza olishlari mumkin. Yana 54 davlat uchun esa vaqtincha vizasiz mamlakatda qolish tizimi joriy etilmoqda», - deya viza bilan bog‘liq o‘zgarishlarni sanab o‘tdi Aziz Abduhakimov.
Shuningdek, bosh vazir o‘rinbosari O‘zbekistonda yangi rebate sistemasini joriy etish rejalashtirilayotganini ma'lum qildi. Unga ko‘ra, mamlakat haqida suratga olingan xorijiy kompaniyalarning videomateriallariga 300 ming AQSh dollarigacha subsidiya ajratish rejalashtirilgan.












