Test natijalari chiqishni boshlagach, abituriyentlardan qo‘shimcha kontrakt (xalq tilida "super-kontrakt") haqida savollar ko‘paydi, deb yozadi huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev. U qo‘shimcha kontrakt haqidagi ayrim savollarga javob berishga harakat qildi.
Qo‘shimcha kontraktda o‘qish uchun necha ball olish kerak?
Farqi yo‘q. Testga kirgan bo‘lsa, kifoya. 1 ball olgan bo‘lsa ham, qo‘shimcha kontraktda o‘qishi mumkin. Faqat narxi baliga qarab farq qiladi.
Qo‘shimcha kontraktda o‘qishni xohlaganlar qachon ariza berish kerak?
O‘qishga kira olmagan abituriyentlar qo‘shimcha kontraktda o‘qish uchun test natijalari e'lon qilingandan boshlab 1 oy ichida ariza berishi kerak.
Ariza qayerga beriladi?
Qo‘shimcha kontraktda o‘qish istagida bo‘lganlar OTM rektori nomiga ariza beradi.
Oshirilgan kontraktning narxi qancha?
Oshirilgan to‘lov-kontrakt miqdori amalda o‘rnatilgan to‘lov-kontrakt miqdoriga nisbatan quyidagi miqdorlarda belgilanadi:
1-toifa
Kirish chizig‘iga 4 ball yetmaganlar nisbatan ancha arzon kontrakt to‘laydi. Jumladan:
1 ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun - 1,5 barobar;
1.1 balldan 2 ballgacha yetmaganlar uchun - 2,0 barobar;
2.1 balldan 3 ballgacha yetmaganlar uchun - 2,5 barobar;
3.1 balldan 4 ballgacha yetmaganlar uchun - 3,0 barobar.
Masalan, kirish bali 140 bo‘lgan deylik. 139 ball to‘plagan abituriyent kontraktning 1,5 barobarini to‘laydi. Asli 10 mln so‘m kontrakt bo‘lsa, 15 mln so‘m to‘lasa kifoya.
138,9 ball olgan abituriyent esa 2 barobarini to‘laydi, ya'ni 20 mln so‘m. Va h.k.
2-toifa
56,7 balldan ko‘p to‘plagan, lekin kirish chizig‘iga 4 balldan ko‘proq yetmay qolgan abituriyentlar kontrakt summasining 10 baravaridan 25 baravarigacha miqdorida to‘laydi.















