Dam olish kunlari Ispaniya chempionatida 2-tur uchrashuvlari o‘tkazildi. 

«Real» — «Valyadolid» — 1:1 (0:0)
Gollar: Benzema, 82 (1:0). Gvardiola, 88 (1:1).
«Real» – Kurtua, Karvaxal, Varan, Ramos, Marselo, Kazemiro, Beyl, Xames (Vinisius Junior, 57), Kroos, Isko (Yovich, 68), Benzema (Vaskes, 89).
«Valyadolid» – Masip, Moyyano (Valdo Rubio, 59), Olivas, Salisu, Nacho Martines, Porro (Antonito, 80), Michel, San-Emeterio (Anuar, 84), Plano, Gvardiola, Unal.
Ogohlantirishlar: San-Emeterio (33), Kroos (73), Kazemiro (90), Valdo Rubio (90).

Mavsumlar oralig‘ida «Real» ortiqcha futbolchilaridan qutulishi kerakdek ko‘rinayotgandi, ammo yangi kelganlar birin-ketin jarohat olishdi va jamoa yana o‘tgan mavsumdagi tarkib bilan qoldi, Zinedin Zidan ham endi birinchi navbatda boshqa narsalar haqida qayg‘urishi kerak. Madridliklar jamoasi avvalgi kabi qarshi hujumlarda ajoyib harakat qilmoqda, ammo pozitsion hujumlarda ahvol yaxshi emas. «Qaymoqranglilar» bu boradagi muammolarni hal etish uchun Azarni safga qo‘shib olishdi, ammo belgiyalik futbolchi debyut qilishga ulgurmasdan safdan chiqdi, jamoaning miyasi va dirijyor hisoblanmish Modrich esa diskvalifikatsiya tufayli ikkinchi tur o‘yinida qatnasha olmadi. Paslar uzatish uchun ochiq zonalarni izlash, to‘pni oldinga olib borish va «Valyadolid» avtobusini buzib o‘tish uchun hech kim yo‘q edi.

Birinchi tur o‘yinida boshlang‘ich tarkibda maydonga tushgan Vinisius pozitsion hujumlarni uyushtira olmadi. Zidan ushbu braziliyalik futbolchi faqat erkin o‘yinchi sifatida foydali bo‘lishini anglagan holda uni zaxirada qoldirdi. O‘yinda Modrich timsolidagi ijodkor yo‘qligi tufayli murabbiy maydonga ilk daqiqalardanoq ikki nafar hujumkor yarimhimoyachi bilan harakat qildi: so‘nggi marta klub safida 833 kun muqaddam maydonga tushgan va «Real» sotib yuborishning ilojini qila olmagan Xames hamda aqlli, driblinggi zo‘r, lekin beqaror Isko. Kroos bilan birga bu ikki futbolchi mezbonlar o‘yiniga rang-baranglik bag‘ishlashi lozim edi. Amalda esa bu futbolchilar doimiy ravishda jarima maydonidagi Benzemaga to‘p uzatish bilan shug‘ullanishdi - bu esa pozitsion hujumdagi eng zo‘r taktika emasdi.

«Valyadolid» esa o‘zining asosiy kuzirlaridan unumli foydalana oldi. Serxio Gonsales jamoasida bunday kuzirlar atigi ikkita: omad va sabr. O‘tgan turda ham «Betis»ga qarshi o‘yinda «Valyadolid»ning omadi kelgandi, o‘shanda raqib darvozaboni Joel Roblesning 8-daqiqasidayoq maydondan chetlatilishi yakunda sondagi ustunlik evaziga 2:1 hisobidagi g‘alabaga erishilgandi. «Real» esa birinchi turda bir kishi kam bo‘lib o‘ynab «Selta»ni mag‘lub etgan, Modrich qizil kartochka olgani madridliklar foydasiga ishlagan — «Selta» hujumga o‘tib ketaverishi tufayli gollar o‘tkazib yuborgandi.