Jamiyat | 14:42 / 26.08.2019
8189
2 daqiqa o‘qiladi

IIV bemor bola uchun yig‘ilgan pullarni o‘g‘irlash holati haqida xabar berdi

Foto: Anastasiya Osipova

2019 yil 19 iyul kuni Navoiy shahrida Gulbog‘ ko‘chasida yashovchi 48 yoshli J.P. ismli ayol IIBga murojaat qilgan, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasi. 

U shu yil 3 iyuldan 4 iyulga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida noma'lum shaxs uning 12 yoshli qizi G.A.ning sog‘lig‘ini tiklash uchun moddiy yordam kerakligi to‘g‘risida “telegram” ijtimoiy tarmog‘idagi “Bemor bolajon” kanaliga bergan e'loni bilan tanishib, +99890-362-- telefon raqamidan J.P.ga qo‘ng‘iroq qilib, qizining sog‘lig‘ini tiklash uchun o‘z hisobidan pul mablag‘larini xayriya qilmoqchiligini aytib, aldov yo‘li bilan ishonchiga kirganini va undan plastik kartasi maxfiy kodini olib kartasidan 6 090 300 so‘m pulini yechib olganligini ma'lum qilgan. 

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

“Hurmatli fuqarolar, agarda sizga xayriya qilish maqsadida yoki turli internet saytlari orqali arzon narxdagi mahsulotlarni sotib olishni aytib, bank hisob raqamingiz, plastik kartochkangizning raqamlarni so‘ragan shaxslarga hisob raqamlaringiz va plastik kartochkangizning maxfiy kodlarini taqdim qilmang! Shu kabi holatlar avval ham yuz bergani bois, biz bu haqida saytimiz orqali ogohlantirgan edik. Bu albatta moliyaviy xavfsizligingizning garovidir”, - deyiladi IIV xabarida.

Mavzuga oid