Rossiyaning turli hududlarida ota-onasi qaramogʻidan mahrum boʻlgan yoki ogʻir ijtimoiy ahvolda qolgan Oʻzbekiston fuqarolarining 12 nafar voyaga yetmagan farzandi vatanga qaytarildi.

Mazkur insonparvarlik tadbiri Oʻzbekiston elchixonasi, Ichki ishlar vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi vakillarining yaqin hamkorligida amalga oshirildi.

Bolalarning 8 nafari Moskva viloyatidan, 1 nafari Chuvashiya Respublikasidan, 1 nafari Moskva shahridan, 1 nafari Novosibirsk viloyatidan va 1 nafari Tula shahridan olib kelindi.

2026-yilning oʻtgan 8 oyi davomida Rossiyaning turli hududlaridan ota-onasi qaramogʻidan mahrum boʻlgan yoki ogʻir ijtimoiy ahvolda qolgan jami 38 nafar voyaga yetmagan Oʻzbekiston fuqarosi vatanga qaytarildi. Hozirda yana 22 nafar bolani Oʻzbekistonga olib kelish boʻyicha tegishli hujjatlar tayyorlanmoqda.