O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Respublikada o‘rmonlardan foydalanish samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Hujjatda qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 17 iyundagi PF—5742-son “Qishloq xo‘jaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan o‘rmon fondi yerlarini O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va qishloq xo‘jaligi korxonalariga investitsiyaviy shartnoma yoki davlat-xususiy sheriklik asosida 50 yilgacha bo‘lgan muddatga berishga ruxsat berilgan.

O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasiga 2020 yil 1 yanvardan boshlab quyidagi huquqlar berildi:

a) O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining O‘rmon xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan loyiha asosida:

o‘rmon fondining o‘zlashtirilmagan yerlarida yangidan himoya o‘rmonlari barpo etish, ularni kamida bir yil davomida parvarish qilish va infrastruktura obektlarini qurish;

barpo etilgan o‘rmonlar ostidagi o‘rmon fondi yerlarini ijaraga olish huquqini yuridik va jismoniy shaxslarga narxni oshirib borish shaklida o‘tkaziladigan kim oshdi savdolari asosida sotish, bunda boshlang‘ich to‘lov miqdorini Jamg‘armadan sarflangan xarajatlardan kam bo‘lmagan miqdorda belgilash;

o‘rmon fondi yerlarini ijaraga olish huquqini sotish bilan bog‘liq boshqa xarajatlarni qoplash;

b) o‘rmon fondi yerlarini investitsiyaviy shartnoma yoki davlat-xususiy sheriklik asosida yuridik va jismoniy shaxslarga ijaraga berish;

v) o‘rmon fondi yerlarini ijaraga berishdan tushadigan mablag‘larni to‘liq Jamg‘arma daromadiga o‘tkazish.

O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga:

O‘rmon fondi yerlarini ijaraga berish tartibi to‘g‘risidagi nizom;

O‘zbekiston Respublikasida 2030 yilgacha bo‘lgan muddatda o‘rmon xo‘jaligini rivojlantirish konsepsiyasi loyihalarini kiritadi.

Belgilanishicha, yuridik va jismoniy shaxslarga qurilish-montaj ishlarini amalga oshirishga va rekonstruksiya qilishga (o‘rmondan o‘rmon-ovchilik, ovchilik va (yoki) baliqchilik xo‘jaliklari ehtiyojlari uchun, limonariy va issiqxonalar ilmiy-tadqiqot, madaniy-ma'rifiy, tarbiyaviy, sog‘lomlashtirish, rekreatsiya hamda estetik maqsadlarda, shuningdek, ekologik turizmni rivojlantirish maqsadida foydalanish bilan bog‘liq) ruxsat berishda davlat o‘rmon xo‘jaligi bilan tuzilgan shartnomalar o‘rmondan foydalanuvchi yoki ijaraga oluvchining yer uchastkasiga bo‘lgan huquqini tasdiqlovchi hujjat sifatida qabul qilinadi.