Xalq demokratik partiyasi o‘zgarayotgani rostmi?
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining yangi raisi Ulug‘bek Inoyatov partiya Saylovoldi dasturiga kiritilayotgan yangicha g‘oya va maqsadlar haqida ma'lumot berdi:
“Mamlakatimizdagi siyosiy partiyalar o‘ta rasmiy kayfiyatda, quruq tadbirlar o‘tkazishi ko‘p tanqid qilinadi. Biz yillar davomida shakllanib qolgan bunday ko‘nikmalarni tez va qisqa muddatda o‘zgartirmasak, saylovchilar e'tibori va ishonchini qozona olmaymiz.
Shuning uchun partiyamiz ko‘pchilikni o‘ylantirib kelayotgan, mamlakatimizdagi dolzarb ijtimoiy masalalarga e'tiborni kuchaytirdi. Oxirgi paytlarda tushunmovchiliklarga sabab bo‘layotgan masala “kam ta'minlanganlik” darajasini belgilash bo‘yicha aniq mezonlar mavjud emasligi bilan bog‘liq. Buning oqibatida ijtimoiy nafaqalarni belgilash, moddiy yordam ko‘rsatish jarayonlarida qator chalkashliklar kuzatilyapti. Bu muammo kecha yoki bugun paydo bo‘lgani yo‘q. Ammo partiyamiz shu vaqtga qadar o‘zining amaliy takliflarini bildirgan emas. Bu boradagi xalqaro amaliyotni o‘rganish, yashash minimumi va iste'mol savatchasi kabi me'yorlarni mamlakatimiz qonunchiligida mustahkamlash nazarda tutilyapti.
Olis qishloq aholi yashash joylarida maktab o‘qituvchilari, shifokorlar va boshqa ijtimoiy soha mutaxassislari taqchilligi ijtimoiy rivojlanish imkoniyatlarini cheklab qo‘ymoqda. Buning asosiy sababi – mutaxassislar uchun ijtimoiy sharoit yaratilmagan. Bu partiyamiz dasturiy maqsadlariga uzviy aloqador masala. Garchi turli yig‘ilish va tadbirlarda muammo bir necha bor aytilgan bo‘lsa-da, aniq amaliy taklif berilmagan.
Mutaxassislar olis qishloq joylariga borib ishlashini rag‘batlantirish, bu borada mexanizm yaratish va uni qonun darajasida mustahkamlash dolzarb ahamiyatga ega.
Jamiyatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarning ta'lim olishi, bandligi ta'minlanishi bo‘yicha qator muammolar yig‘ilib qolgan. Shuningdek, bunday shaxslarning haq-huquqlarini himoya qiladigan tashkilotlarning moddiy va moliyaviy ta'minoti ayanchli holatda. Ochig‘i, ushbu masala partiyamiz o‘tkazgan turli tadbirlarda ko‘p tilga olingan, lekin biz tomondan qat'iy harakat sezilmagan. Eslatib qo‘yish, ta'kidlash bilan cheklanilgan. Ammo bu bilan muammo hal bo‘lib qolmaydi. Shuning uchun mutasaddi vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda nogironligi bo‘lgan shaxslarning haq-huquqlari himoyasiga bel bog‘lagan nodavlat notijorat tashkilotlarga subsidiyalar ajratish ustida ish olib borilyapti.
Yurtimizda aholini eng ko‘p o‘ylantiradigan masalalardan biri kommunal xizmatlar va ularning tariflari bilan bog‘liq ekani sir emas. Narx-navo va tariflarni, shuningdek, kommunal xizmatlar ko‘rsatuvchi tashkilotlar rentabelligini belgilash, bu borada huquqiy asoslarni qonun darajasida mustahkamlash dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Partiyamiz Saylovoldi dasturida shu masala bo‘yicha takliflar nazarda tutilyapti.
Hammamizga ma'lumki, jamiyatda ijtimoiy tenglikni ta'minlashda tibbiy xizmat sifatini yaxshilash asosiy omillardan biri hisoblanadi. Bu partiyamiz uchun prinsipial masaladir. Shuning uchun dasturimizga mulkchilik shakli va moliyalashtirish manbalaridan qat'iy nazar, barcha tibbiyot muassasalarida bepul taqdim etiladigan majburiy tibbiy xizmatlar hajmini qonuniy jihatdan belgilash haqida ham taklif kiritilyapti”.
Reklama huquqi asosida
Mavzuga oid
13:38 / 06.09.2021
Maqsuda Vorisova Xalq demokratik partiyasidan prezidentlikka nomzod sifatida tasdiqlandi
16:00 / 04.09.2021
Talaba o‘qisinmi yoki ijaraga pul topsinmi?!
18:12 / 02.09.2021
Maqsuda Vorisova mandat kechikayotgani haqida: Davlat test markazi izoh berishi shart!
14:00 / 05.07.2021