Bloger va jurnalistlarni ko‘pchilik aynanlashtiradi yoki ularning farqiga bormaydi. Vaholanki, ular o‘rtasida umumiylik qatori o‘ziga xoslik ham mavjud. Hamma blogerlar ham jurnalistlar kabi mahoratli emas, biroq har qanday jurnalist blogerlikka da'vo qilishi mumkin.
Bugungi kunda mamlakatimizda so‘z erkinligi barqarorlashuvi, OAVga berilgan imkoniyat va sharoitlar hosilasi sabab, ushbu sohada ma'lum masalalar muhokama markaziga tushib qoldi. Jumladan, so‘nggi kunlarda axborot haqida gap ketganda, jurnalistlar qatori blogerlar ham tez-tez tilga olinadigan bo‘ldi. Rasmiy va norasmiy tadbirlarga OAV xodimlari qatori blogerlar ham taklif etilmoqda. Bu ochiq jamiyatda so‘z erkinligi barqarorlashayotgani, chinakam demokratik prinsiplarning amal qilayotganidan dalolat beradi.
Biroq bu holatning xavfli tomoni ham borki, axborot berish va qabul qilishda shaffoflik, xolislik, haqqoniylik, ochiqlik va daxlsizlik ustuvorligini ta'minlash masalalari yuzaga chiqadi. Ya'ni, har kim axborot berish yo tarqatish huquqiga ega jamiyatda axborot tarqatuvchi shaxs yo uyushma har qanday tazyiq, manfaat, sub'yektiv fikrlar yo ma'lum bir guruhlarning manfaatlaridan xoli ravishda haqqoniylik, xolislik, ishonchlilik, mas'uliyatlilikni anglashi va bu me'yorlarga qat'iy amal qilishi kerak.
Bu masala jurnalistlar qatori blogerlarning jamiyatda faollashuvi bilan yanada muhimroq bo‘lib qoldi. Sababi — jurnalistlar bilan blogerlar o‘rtasida farq va o‘xshashlik amaliy tarzda keng omma uchun hali u qadar oydinlashgani yo‘q. Bu borada, menimcha, soha mutaxassislari va olimlari, tadqiqotchilar hozirjavoblik bilan munosabat bildirishlari shart.
Savol tug‘iladi: jurnalistning aksariyat vazifasini bajarayotgan bloger jurnalist bo‘la oladimi? Yo‘q. Biroq bu javobdan darrov «jurnalist blogerdan ustun qo‘yilmoqda», degan xulosaga bormaslik kerak. Chunki ayrim blogerlar jamiyatimizdagi muammo va masalalarni yechishda ba'zi jurnalistlardan yaxshiroq jonbozlik ko‘rsatmoqda. Ammo bu ham blogerni jurnalistdan ustun qo‘yishga asos bo‘la olmaydi.
Fikrimcha, bloger jurnalist emas. Murakkab xulosa talab etadigan ushbu oddiy fikrni keng jamoatchilik yaxshi tushunishi va anglashi lozim. Chunki bu «axborot iste'moli»da nihoyatda muhim omil hisoblanadi.
Nima uchun bloger jurnalist emas?
Birinchidan, blogerda hech qanday javobgarlik yo‘q. U xohlagan payti, xohlagan mavzusi haqida material tayyorlashi, e'lon qilishi mumkin. Axborot uzatishda bo‘rttirishi, aldashi yo o‘zi bilmagan holda xatoga yo‘l qo‘yishi mumkin. Ammo bu borada jurnalistda ancha mas'uliyat va javobgarlik bor.














