Davlat tashqi qarzi yarim yilda 3,2 milliard dollarga oshgan - Moliya vazirligi
Bugun, 30 avgust kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida «Davlat qarzini samarali boshqarish» mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isoqov, Davlat ichki va tashqi qarzi departamenti boshlig‘i Jasur Qarshiboyev va sohaga mas'ul boshqa mutasaddilar ishtirok etdi.
Tadbirda davlat tashqi qarzi haqidagi ma'lumotlar ma'lum qilindi.
Qayd etilishicha, yil boshida davlat tashqi qarzi 9,9 milliard dollar bo‘lgan, 6 oyda ushbu ko‘rsatkich 13,1 milliard dollarga yetgan va bu yalpi ichki mahsulotning 23,5 foizini tashkil etadi. Mazkur mablag‘lar asosan kreditor mamlakatlar (Xitoy, Yaponiya, Germaniya va boshqalar) hamda xalqaro moliyaviy tashkilotlar (Osiyo taraqqiyot banki, Jahon banki va Islom taraqqiyot banki) tomonidan jalb qilingan. Qarzlar asosan uzoq va o‘rta muddatlarga olingan bo‘lib, imtiyozli davrda qarz summasi emas, faqatgina foiz stavkasi to‘lanmoqda. Fevral oyida O‘zbekistonning 1 milliard dollarlik xalqaro suveren obligatsiyalari jahon moliya bozorlariga chiqarildi. Buning 90 million dollari budjet ssudasi tariqasida Navoiy tog‘-metallurgiya kombinatiga berilgan bo‘lsa, qolgan qismi banklarga depozit shaklida auksion orqali joylashtirildi.
Davlat ichki qarzi 30 iyun holatiga ko‘ra, 5,4 milliard dollari ekvivalentini tashkil etmoqda. Shundan 97 foizini hukumat kafolatlagan, 3 foizi esa hukumat tomonidan jalb qilingan.
«Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari tijorat banklari orqali katta davlat tashkilotlariga yo‘naltirilgan. Bu jarayonda davlat o‘z kafolatini bergan. Katta-katta loyihalar shu mablag‘lar va Prezident qarorlari bilan amalga oshirilgan. Shuning uchun garchi hukumat pulining bir qismi davlat korxonalariga ketgan bo‘lsa-da, biz konservativ yondashuv bilan buni qarz, deb tan oldik. Kafolat berilganidan keyin mabodo nimadir bo‘lsa, davlat to‘lab berishga majbur bo‘ladi», deya Moliya vaziri o‘rinbosari Odil Isoqovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Vazir o‘rinbosarining aytishicha, o‘tgan yilning dekabr oyidan boshlab davlat ichki kapital bozorida davlat obligatsiyalari sotuvga chiqarilmoqda. Birinchi yarim yillikda 850 milliard so‘mlik obligatsiyalar 1-3 yil muddat bilan bozorga joylangan.
Mavzuga oid
18:09 / 05.11.2024
Turkiya Qirg‘izistonning tashqi qarzidan kechdi
17:21 / 29.10.2024
2025 yilda O‘zbekiston 5,5 mlrd dollargacha tashqi qarz olishi mumkin
17:43 / 18.10.2024
“Qarz olinganiga yarasha, iqtisodiy ko‘rsatkichlar barqaror bo‘lishi lozim” - Jahon banki katta iqtisodchisi
15:54 / 16.10.2024