O‘zbekiston | 13:55 / 30.08.2019
8896
5 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryo viloyatida 823,2 mlrd so‘mlik 184ta loyiha o‘z muddatida ishga tushirilmagan

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

2019 yil 28 avgust kuni xalq deputatlari Surxondaryo viloyati kengashining sessiyasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining axborot xizmati.

Unda Senat a'zolari, mahalliy Kengash deputatlari, davlat hokimiyati va boshqaruvi idoralari, nodavlat notijorat tashkilotlari, tadbirkorlik sub'yektlari vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Sessiya ishida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva ishtirok etdi va nutq so‘zladi.

Kun tartibida belgilanganidek, parlament ishchi guruhi tomonidan viloyatda tadbirkorlikni rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar holatini o‘rganish natijalari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

So‘zga chiqqanlar tomonidan ta'kidlanganidek, parlament ishchi guruhi tomonidan Surxondaryo viloyatida o‘tkazilgan tadbirkorlik rivoji yo‘lidagi dolzarb masalalarni o‘rganish jarayoni, odamlar bilan muloqotlar, bu borada   jiddiy muammolar mavjudligini ko‘rsatmoqda. Xususan, o‘tgan olti oy davomida bor-yo‘g‘i faoliyat yuritmayotgan 24 ta kichik biznes sub'yektlari tiklangan, xolos. Bu esa o‘z navbatida, shu kabi korxonalarning muammolari bo‘yicha tizimli asosda ishlanmaganligini ko‘rsatadi. Yarim yillik davomida viloyat bo‘yicha jami 184 ta kichik biznes sub'yektlari tugatib yuborilgan. Tadbirkorlik faoliyatini tashkiliy qo‘llab-quvvatlash ishlari samarali tashkil etilmagani oqibatida bugungi kunga qadar umumiy qiymati 823,2 mlrd. so‘mlik 184 ta loyiha o‘z muddatida ishga tushirilmagan.

Shuningdek, sessiyada viloyatda faoliyat yurituvchi kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlari o‘rtasida kooperatsiya aloqalari yo‘lga qo‘yilmaganligi qayd etildi. Ular tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar (xizmatlar) reklamasiga (yarmarka, ko‘rgazma, taqdimot va boshq.) e'tibor qaratilmayapti. Savdo va boshqa faoliyat turi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar viloyatning o‘zida ishlab chiqarilayotgan ko‘plab mahsulotlarni respublikaning boshqa hududlari, jumladan Toshkent shahri va vodiy viloyatlaridan olib kelmoqdalar.

Shu bilan birga, viloyatda “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturining ijrosini ta'minlash, ayniqsa, yoshlar tadbirkorligi va tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish borasidagi ishlar samaradorligi ham pastligicha qolmoqda. 2019 yilga mo‘ljallangan mazkur dastur shu kunga qadar viloyatda bor-yo‘g‘i 15,2 foizga bajarilgan.

Majlisda kreditlashning birlamchi talablari yetarlicha inobatga olinmagani, banklar hamda ularning mijozlari o‘rtasidagi munosabatlarning lozim darajada yo‘lga qo‘yilmagani – tadbirkorlik rivojiga to‘siq bo‘layotgan yana bir muammo ekanligiga alohida urg‘u berildi. Bu yo‘nalishdagi kamchiliklar oqibatida bugungi kunda viloyatda muddatida qaytarilmagan kredit va foiz to‘lovlaridan jami 244 mlrd. so‘mlik muammoli qarzdorliklar yuzaga kelganligi ham ta'kidlab o‘tildi. Bunday holat tijorat banklarining moliyaviy holatiga salbiy ta'sir ko‘rsatishi barobarida milliardlab so‘mlik mablag‘larni tadbirkorlik rivoji uchun qayta yo‘naltirish imkonini ham cheklamoqda. E'tiborlisi, muammoli qarzdorliklarning asosiy qismi davlat maqsadli dasturlarida belgilangan yo‘nalishlarga ajratilgan kreditlar bo‘yicha yuzaga kelgan.  

Sessiyada so‘zga chiqqanlar qayd etilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan viloyat tashkilotlarini jalb qilgan holda vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan aniq choralarni belgilab olish hamda ularning o‘z vaqtida ijro etilishi yuzasidan qat'iy nazorat o‘rnatish lozimligini uqtirdilar. Xususan, mas'ul tuzilmalarni jalb qilgan holda faoliyati to‘xtab qolgan tadbirkorlik sub'yektlarining aniq ro‘yxatini shakllantirib, kelgusida ular ishini qayta yo‘lga yo‘lga qo‘yish yoki qonunchilikda belgilangan tartibda tugatish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish zarurligi qayd etildi.

Sessiyada ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining qarori qabul qilindi.

Mavzuga oid