Samarqand şahrida Parlamentlararo Ittifoq Yoş parlament aʼzolarining XII global konferensiyasi oçildi.

«Murakkab davrda inson huquqlari, adolat va inson qadr-qimmatini tiklaş yölida» mavzusidagi xalqaro anjumanda butun dunyo mamlakatlaridan yoş parlament aʼzolari hamda xalqaro taşkilotlar vakillari qatnaşmoqda.

02

Konferensiya Özbekiston prezidenti Şavkat Mirziyoyev taşabbusi bilan yoşlarning davlat va jamiyat hayotidagi iştirokini kengaytiriş, ularning parlament faoliyatidagi rolini kuçaytiriş hamda yoş parlament aʼzolari örtasida xalqaro muloqot va hamkorlikni rivojlantirişga qaratilgan.

Tadbirning oçiliş marosimida Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva prezidenti Şavkat Mirziyoyevning konferensiya iştirokçilariga yöllagan tabrigini öqib eşittirdi.

03

Prezident tabrigida yoşlarning siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy jarayonlardagi faolligini oşiriş, ularning huquq va manfaatlarini taʼminlaş hamda salohiyatini röyobga çiqariş barqaror taraqqiyot va tinç kelajakning muhim omili ekani taʼkidlangan. Şu maqsadda parlamentlararo hamkorlikni rivojlantiriş va turli mamlakatlarning ilğor tajribalarini birlaştiriş muhimligi qayd etilgan.

Tanzila Norboyeva konferensiyadagi nutqida bugungi murakkab geosiyosiy şaroitda parlament diplomatiyasi va özaro muloqotning ahamiyati ortib borayotganini taʼkidladi.

«Yoşlarning siyosiy jarayonlardagi iştirokini kengaytiriş zamonaviy parlamentlarning ustuvor vazifalaridan biri bölişi kerak. Parlamentlar yoşlarni siyosatning obyekti sifatida emas, balki qarorlar qabul qiliş jarayonining teng huquqli iştirokçisi va hamkori sifatida körişi zarur», - dedi Senat raisi.

Parlamentlararo ittifoq prezidenti Tuliya Ekson bugungi kunda yoşlarning ovozi xalqaro miqyosda qarorlar qabul qiliş jarayonlarida tobora muhim ahamiyat kasb etayotganini taʼkidladi. Uning sözlariga köra, turli mamlakatlardan kelgan yoş parlamentariylarning özaro muloqoti va tajriba almaşinuvi global muammolarga yangi yeçimlar işlab çiqişga xizmat qiladi.

Konferensiya doirasida inson huquqlari, yoşlarning siyosiy iştiroki, ijtimoiy adolat, raqamli xavfsizlik, taʼlim va munosib mehnat, yoş ayollarning siyosiy faolligi hamda parlamentlarning global muammolarni hal etişdagi roli muhokama qilinadi.