Vazirlar Mahkamasining “Xorazm viloyati Shovot tumanida Al-Xorazmiy nomidagi “Xalqaro fizika va matematika maktabi”ni tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun e'lon qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi, Adliya vazirligi hamda Xorazm viloyati hokimligining:
Xorazm viloyati, Shovot tumani, Komiljon Otaniyozov ko‘chasi, 65-uy manzilda joylashgan ayrim fanlar chuqur o‘rganiladigan 1-sonli ixtisoslashtirilgan davlat umumta'lim maktab-internatiga Al-Xorazmiy nomidagi “Xalqaro fizika va matematika maktabi” maqomini berish;
budjetdan tashqari Adliya organlari va muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi va Xorazm viloyati mahalliy budjeti mablag‘lari hisobidan xalqaro maktabni rekonstruksiya qilish, kapital ta'mirlash va qayta jihozlash, shuningdek maktab uchun 20 o‘rinli mehmonxona binosini qurish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilishi mumkin.
Quyidagilar xalqaro maktabning asosiy vazifalari etib belgilanadi:
umumiy o‘rta ta'limning davlat ta'lim standartlari asosida zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalangan holda aniq va tabiiy fanlar, shuningdek, chet tillarining chuqur o‘qitilishini tashkil etish;
o‘quvchilarning ijodiy salohiyatini namoyon qilish va faollashtirish;
har bir o‘quvchining individual xususiyatlarini hisobga olgan holda mustaqil tadqiqotchilik faoliyati ko‘nikmalarini shakllantirish va rivojlantirish;
yuqori kasb mahoratiga ega bo‘lgan mahalliy va xorijiy mamlakatlardan tajribali o‘qituvchilarni jalb qilish;
iqtidor va iste'dodni aniqlash hamda kamol toptirish bo‘yicha o‘quvchilarni respublika va xalqaro fan olimpiadalari, tanlovlar va boshqa tadbirlarda qatnashishga tayyorlash.
Belgilab qo‘yilishicha:
2020-2021 o‘quv yilidan boshlab xalqaro maktabning 7-sinfiga 60 nafar o‘quvchi qabul qilinadi;
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligiga xalqaro maktabning moddiy-texnika bazasidan, pedagog kadrlarning salohiyati hamda ehtiyojidan kelib chiqqan holda keyingi yillarda o‘quvchilarni qabul qilish kvotalariga o‘zgartirish kiritish huquqi beriladi;
xalqaro maktabda xorijiy mamlakatlar fuqarolari hisoblangan tegishli fanlarni o‘zlashtirishga ishtiyoqli va iqtidorli o‘quvchilarni shartnoma asosida ta'lim olishiga imkoniyat yaratiladi;















