O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 4 sentabr kuni jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, xalqaro musobaqalarga tayyorgarlikni kuchaytirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Qayd etilganidek, keyingi yillarda bu borada ham juda ko‘p ishlar amalga oshirildi. Sohani boshqarishni takomillashtirish maqsadida Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tashkil etildi. 2019-2023 yillarda jismoniy tarbiya va ommaviy sportni rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlandi. Aholining jismoniy tayyorgarligi va salomatligi darajasini belgilovchi «Alpomish» va «Barchinoy» maxsus testlarini o‘tkazish tizimi joriy etildi.
Besh tashabbus hamda «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlari doirasida sport obektlari ishga tushirilib, yoshlar sportga faol jalb etilmoqda. Olimpiya o‘yinlari, jahon va Osiyo chempionatlari g‘olibi bo‘lgan 204 nafar sportchi tuman va shaharlarga biriktirildi, ayrimlarining sport maktablari ochildi.
Yurtimiz vakillari o‘tgan yilgi Osiyo o‘yinlarida jami 70ta, jumladan, 21ta oltin, 24ta kumush va 25ta bronza medalini qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida 5-o‘rinni egallagan edi.
Joriy yilning o‘tgan davrida esa xalqaro musobaqalarda jami 442ta, jumladan 145ta oltin, 134ta kumush va 163ta bronza medali qo‘lga kiritildi.
Yig‘ilishda bundan keyingi musobaqalarga puxta tayyorgarlik ko‘rish, buning uchun joylarda zarur sharoit yaratish masalalari muhokama etildi.
2020 yilda Tokioda bo‘lib o‘tadigan XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ahvoli qoniqarli emasligi, qator sport federatsiyalari va hokimliklar yuqori natijalarni ta'minlaydigan sportchilarga sharoit yaratishga yetarlicha e'tibor bermayotgani tanqid qilindi.
Milliy Olimpiya qo‘mitasi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligiga saralab olingan sportchilarning yaqin oylarda o‘tkaziladigan xalqaro musobaqalarda yuqori o‘rin egallab, Olimpiadaga litsenziyani qo‘lga kiritishlari uchun yanada keng shart-sharoit yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
«Albatta, moddiy-texnik baza muhim. Lekin natijani iqtidorli sportchi ta'minlaydi. Bunday yoshlarni topish uchun esa kuchli seleksiya tizimi zarur. Ammo joylarda tashkil etilayotgan musobaqalar soni va saviyasi hozircha talabga javob bermaydi. Misol uchun, Andijon, Buxoro, Navoiy, Namangan, Toshkent, Xorazm, Farg‘ona hamda Qashqadaryo viloyatlaridagi 131ta shahar va tumanda joriy yilgi musobaqalarni moliyalashtirishga mahalliy budjetdan mablag‘ ajratilmagan. Yoki respublika miqyosida o‘tkazilgan 230ta musobaqada ayrim shahar va viloyat jamoalari umuman ishtirok etmagan. Bu milliy terma jamoalar tarkibiga mahoratli sportchilarni saralab olishga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda.
















