Ta'lim odamlarning ishga joylashishida ko‘maklashuvchi asosiy vosita. U ishga joylashuv infrastrukturasida foydalaniladigan qurilish blokiga o‘xshaydi. Ishga joylashish esa, o‘z navbatida, shaxsga moliyaviy jihatdan mustaqil bo‘lish va iqtisodiy jarayonlarda faol ishtirok etish imkonini beruvchi kuchdir.

Biroq to‘rtinchi sanoat inqilobi davrida an'anaviy ta'lim uslublariga asoslangan ish tizimi zamonaviy texnologiyalar sabab ko‘plab muammolarga duch kelmoqda.

Ayrim sanoat yo‘nalishlarida mazkur jarayon ta'sirida ishchi kuchiga bo‘lgan talab sezilarli darajada qisqardi. Bu tadbirkorlik faoliyati va ish bilan ta'minlash masalalarini qayta ko‘rib chiqish zaruratini tug‘diradi.

Ta'lim va ishga joylashtiruv mexanizmini yaratish orqali odamlarni to‘rtinchi sanoat inqilobidan qo‘rqishga emas, balki bu jarayonda muvaffaqiyatli karera va biznes boshlashga ishontirish mumkin, deb yozmoqda weforum.org.

Ta'lim evolyutsiyasi (rivoji) nimaga bog‘liq?

An'anaviy ta'lim monodissiplinar xarakterga ega bo‘lib, odamlar o‘qishni davom ettirgani sari ixtisosligi ham torayib boraveradi. Natijada ular universitet, kollej yoki ta'lim dasturlari bergan bilimga asosan o‘zlari qiziqqan tor doiradagi sohada faoliyat yurita boshlaydi.

Shakllangan tushunchaga ko‘ra, ixtisoslik doirasi toraygani sari o‘sha soha vakillarining qadri shunchalik ortib boraveradi. Misol tariqasida aytish mumkinki, qaysidir yo‘nalishni chuqur biladigan shifokor umumiy amaliyot shifokoridan ko‘ra ko‘proq pul topadi. Xuddi shu qoida yana ayrim yo‘nalishlarga mos keladi. Lekin bu ta'limga qanday yondashishimiz kerakligini qayta o‘ylab ko‘rmaslikka turtki bo‘la olmaydi.

To‘rtinchi sanoat inqilobi davrida shunday kadrlar kerakki, ular bitta yo‘nalishni mukammal darajada o‘zlashtirgan va o‘z mutaxassisligidan tashqari boshqa yo‘nalishlarga ham moslasha oladigan malakaga ega bo‘lishi zarur. Bu malaka bilan ular o‘z sohasida ham tajribalarini oshirib boraveradi.

Birgina misol, Jyeff Bezos – dunyoning eng boy kishilaridan biri. Mutaxassisligi kompyuter ilmi bo‘lgan Bezos Wall Street’da ishlagan uzoq muddat davomida bir qancha yo‘nalishlarda bilimga ega bo‘lib, keyinroq elektron tijoratda ham o‘zini sinab ko‘rgan. So‘ngra 1994 yilda mashhur Amazon’ni tashkil etgan.

Aytish joizki, Jyeff Bezos oldin ham kompyuter ilmi bo‘yicha ta'lim olgan bo‘lsa-da, internet dunyosini qaytadan o‘rganishga va o‘z bilimini boyitishga harakat qilgan. Natijada egallangan yangi bilimlar Bezosga uchinchi sanoat inqilobining yaxshi namunasi bo‘lgan Amazon’ni yaratishga yordam berdi.