Ishtixondagi mudhish qotillik, bir oilaning besh nafar a'zosi o‘ldirib ketilgan jinoyat ishi yuzasidan bo‘lib o‘tgan sud majlisida bayon etilgan voqealar tafsiloti sud majlisida o‘tirgan ishtirokchilarni titratib yuborgani rost.

6 sentabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudida Oliy sud sudyasi Ikrom Muslimov rahbarligida o‘tgan sud majlisida hukm o‘qib berildi.

Aniqlanishicha, Ishtixon tumani Qumqo‘rg‘on qishlog‘ida yashovchi G‘.Tashanov qo‘shnisi A.Xolboyevning uzum yetishtirib, mayiz tayyorlab sotish bilan shug‘ullanishidan xabardor bo‘lgani holda bu xonadonda yashovchi barcha oila a'zolarini qasddan o‘ldirib, pul mablag‘larini qo‘lga kiritishni rejalashtirilgan.

2019 yil 14 may kuni G‘.Tashanovning xonadonida uning hamtovoqlari jami to‘rt kishi yig‘ilgan. Jinoyat izlarini yashirish maqsadida ustlaridan qo‘shimcha kiyimlar va voqea joyida barmoq izlarini qoldirmaslik uchun qo‘llariga qo‘lqoplar kiyib olishgan. Jinoyat quroli sifatida 35 santimetrdan 85 santimetrgacha uzunlikdagi bir nechta temir buyumlarni olishgan.

Soat 22:30 lar atrofida Xolboyevning uyi oldiga borib atrofni kuzatishgan. Xolboyev va uning oila a'zolari uxlashganiga ishonch hosil qilgach, 14 maydan 15 may kuniga o‘tar kechasi soat 00:30larda jinoiy guruh a'zolari oyna o‘rnatilmagan deraza orqali hovliga kirib, hovlidagi bir kishilik karavotda uxlab yotgan, 2002 yilda tug‘ilgan Xolboyevning o‘g‘li I.A., hovlidagi so‘rida uxlab yotgan, 1974 yilda tug‘ilgan (Xolboyevning turmush o‘rtog‘i) X.Z. va oilaning yana bir o‘g‘li – 2014 yilda tug‘ilgan, voyaga yetmagan I.O.ni oldindan kelishib olinganidek, uyg‘onib qarshilik ko‘rsatmasligi uchun bir vaqtning o‘zida barchasini o‘ldirish maqsadida ularning yuz va bosh qismlariga temir bilan qayta qayta urishadi.

Bu qotillik shovqin-surondan uyg‘onib, hovliga chiqqan xonadon egasi Xolboyevning ko‘z o‘ngida, o‘ta shafqatsizlik bilan amalga oshiriladi. Xolboyev o‘ziga hujum qilmoqchi bo‘lgan bosqinchilardan birining ko‘kragiga tepgan, biroq uning ikki nafar sherigi yetib kelib temir bilan Xolboyevning ham yuz va bosh qismiga urib o‘ldirishgan.

Jinoyatchilar er-xotin va ularning ikki nafar o‘g‘li vafot etganiga ishonch hosil qilishgach, pul va boshqa qimmatbaho mulklarni izlashga kirishgan va xonalardan biridagi sandiqdan 22 million so‘m va 100 AQSh dollari topishgan.