Amerikaning Tennessi shtatida 30-sentabr kuni 50 yoshli mahbus, 31 yil oldin odam oʻldirgan Krista Paykni qatl etmoqchi boʻlishdi. Agar hukm ijro etilganida, Payk mazkur shtatda 1820-yildan keyingi davrda qatl etilgan ilk ayol boʻlgan boʻlardi (butun AQSH boʻyicha 1970-yillardan buyon jami 18 ayol qatl etilgan, qatl etilgan erkaklar soni esa 1 663 nafarni tashkil etadi).

1995-yilda Payk va uning yigiti Tadaril Shipp Kollin Slemmer ismli qizni oʻldirishadi – juftlik oʻz qurboni bilan xulq-atvorida muammosi boʻlgan oʻsmirlar uchun kasbga tayyorlash lagerida tanishib qolishgandi. Oʻshanda 18 yoshda boʻlgan Payk birinchi darajali qotillik sodir etishda aybdor deb topiladi va oʻlim jazosiga hukm qilinadi. Jinoyatni sodir etish vaqtida voyaga yetmagan (17 yosh) boʻlgan Shipp esa shartli ravishda muddatidan oldin ozod qilish imkoniyati bilan umrbod qamoq jazosiga hukm qilinadi.

Hukm eʼlon qilinganidan keyin Paykning bolaligi ogʻir oʻtgani va salomatligida muammolari borligi maʼlum boʻladi. Ota-onasi qiziga yetarlicha vaqt ajratmagan, oʻgay otasi tomonidan jinsiy zoʻravonlikka uchragan, 11 va 17 yoshlarida esa zoʻrlangan. Keyinroq unga posttravmatik stress va bipolyar buzilish tashxisi qoʻyiladi.

Inson huquqlari tashkilotlari, jumladan, Amnesty International va Amerika fuqarolik erkinliklari ittifoqi (ACLU) Tennessi gubernatori Bill Lini vaziyatga aralashib, oʻlim jazosini boshqa jazo bilan almashtirishga chaqirdi.

Afv etish haqidagi iltimosnomada Paykning oʻzi faqat yillar oʻtibgina oʻz jinoyatini toʻliq anglay olganini yozgan: «Men ruhiy jihatdan nosogʻlom 18 yoshli bola edim. Qilgan ishimning ogʻirligini tushunish uchun menga yillar kerak boʻldi. Va bu qancha odamga taʼsir qilganini anglash uchun yanada koʻproq vaqt. Men kimningdir farzandini, singlisini, doʻstini hayotdan mahrum qildim. Bunday jinoyatga qoʻl urganim haqidagi fikr hozir koʻnglimni ozdiradi».

photo_2026-10-01_16-26-24
Foto: Tennesse Department of Corrections via AP
Krista Paykning hozirgi koʻrinishi

Paykning advokatlari unga chiqarilgan oʻlim hukmi ijro etilishi Tennessi shtati uchun favqulodda boʻlishiga eʼtibor qaratgan. Shu vaqtgacha shtatda Paykdan tashqari faqat yetti nafar mahbus 18 yoshida sodir etgan jinoyati uchun oʻlim jazosiga hukm qilingan. Keyinchalik bu holatlarning barchasida oʻlim jazosi umrbod qamoq jazosi bilan almashtirilgan. Shunday qilib, Payk Tennesida oʻsmirlik davrida sodir etgan jinoyati uchun qatl etiladigan yagona odam boʻlishi mumkin.