Ishtixon tumanida sodir bo‘lgan mudhish jinoyat — bir oiladan besh kishining o‘ldirilishi butun O‘zbekistonni larzaga soldi.

Mudhish jinoyat darhol Bosh prokuror nazoratiga olindi va jinoyat izi sovimasdan qotillar qo‘lga olindi. Jinoyat tafsilotlari va gumondorlar haqida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi alohida muhim ishlar bo‘yicha katta tergovchisi Erkin Xayrullayev Kun.uz’ga ma'lumot berdi.
Video: Youtube
Ayni paytda mazkur voqea yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Olib borilgan tezkor-tergov harakatlar natijasiga ko‘ra, ushbu qotillik Ishtixon tumanida yashovchilar — 1981 yilda tug‘ilgan T.G‘., 1995 yilda tug‘ilgan E.Sh., 1993 yilda tug‘ilgan U.J. va Qo‘shrabot tumanida yashovchi 1996 yilda tug‘ilgan N.X. tomonidan sodir etilgani aniqlanib, ular ushlangan. Hozir bu jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Tergovchi shuni alohida ta'kidlab o‘tdiki, ayrim informatsion saytlar va ijtimoiy tarmoqlar va messenjer kanallarida tarqalgan, to‘rt yosh yigit — go‘yoki qotillar tasvirlangani iddao qilinayotgan fotosuratlar qalbaki. Bu suratlarning mazkur jinoyat ishiga aloqasi yo‘q.
Odatda, bunday mudhish jinoyatlarni marhumlarni yaqindan bilgan odamlar sodir etishadi. Shunday bo‘lib chiqdi ham — qotillarning uch nafari marhumlarning qishloqdoshi. Ulardan biri — yoshi eng kattasi hattoki marhum oilaning yon qo‘shnisi.
Ishtixon tumanida adir etagida joylashgan Chimqo‘rg‘on qishlog‘ida tomorqalar katta. Uylar atrofi o‘ralmagan. Qo‘ni-qo‘shnilar hamsoyasinikida nimalar bo‘layotganini yaqqol ko‘rib turishadi. Bu hol yillar davomida qo‘shnilar o‘rtasidagi o‘zaro ishonch, hurmat timsoli bo‘lib kelgan.
Biroq bu voqeada ana shu ishonchga putur yetgan. Dastlabki taxminlarga ko‘ra, jinoyat boylikka ega bo‘lish maqsadida, avvaldan rejalashtirilib, qasddan amalga oshirilgan. Jinoyatga qo‘l urgan gumondorlarning uch nafari hali 30 yoshga ham kirmagani kishini o‘ylantiradi. Endigina mustaqil hayot ostonasiga qadam qo‘ygan yigitlarning qotil degan tavqi la'natni bo‘yniga ilib, uzoq muddatga panjara ortiga yo‘l olishi... buni qanday tushuntirish mumkin? Nahot inson umri shu qadar arzon?


















