BMTning oliy komissari: insoniyat o‘z kelajagiga “o‘t qo‘ymoqda”
BMTning oliy komissari Mishel Bachelet Jyenevada xalqaro tashkilotning inson huquqlari kengashi sessiyasini ocha turib global isish oqibatlari falokatli bo‘lishidan ogohlantirdi va insoniyatni iqlim o‘zgarishlaridan asrashga chaqirdi. Bu haqda “BMT yangiliklar markazi”da ma'lum qilingan.
BMT vakili inson huquqlari sohasidagi boshqa masalalarga to‘xtalib, Ukraina va Rossiya o‘rtasida mahbuslar almashilishini qutlagan, Rossiya va Qozog‘istondagi namoyishlar ishtirokchilarining hibsga olinishlarini qoralagan va AQShni migrantlar huquqlariga amal qilishga chaqirgan.
Bachelet kengashning 42-sessiyasi ochilishidagi nutqining aksar qismini iqlim o‘zgarishlariga bag‘ishlagan va bu muammo barchaga taalluqli ekanini hamda yangi ijtimoiy-iqtisodiy silsilalar, qurolli ixtiloflar soni oshishi, aholining ko‘chishi va o‘lim darajasining keskin oshishiga olib kelishini ta'kidlab o‘tgan.
“Iqlim o‘zgarishi – bu dunyoning barcha mintaqalarini qamrab oluvchi haqiqatdir. Global isish oqibatlari inson huquqlari uchun falokatli bo‘ladi. Tobora tez-tez yuz berayotgan dovullar va dengiz sathining ko‘tarilishi orol davlatlar va sohilbo‘yida joylashgan shaharlarning suv ostida qolishiga olib kelishi mumkin. Bizning o‘rmonlar yonmoqda, muzliklar erimoqda”, deb aytgan oliy komissar. U insoniyat tom ma'noda o‘z kelajagiga “o‘t qo‘yayotganini” aytgan.
Bachelet BMT ma'lumotlariga tayanib iqlim o‘zgarishi butun dunyoda ocharchilik ko‘lamini oshirgani, 2030 yildan 2050 yilgacha u yiliga 250 ming kishining hayotini olib ketishini qayd qilib o‘tgan. Uning ta'kidlashicha, odamlar ocharchilik, bezgak, ichburug‘ va issiq urishlardan halok bo‘lmoqdalar.
“Dunyo inson huquqlariga bunday ko‘lamdagi tahdid bilan hali to‘qnash kelmagandi”, deb aytgan Bachelet. U shu munosabat bilan davlatlarni odamlarni global isishning mudhish oqibatlaridan asrashga va iqlim o‘zgarishlariga moslashish bo‘yicha choralarni mustahkamlashga erishishga chaqirgan. BMT vakili issiqxona gazlarining atrof-muhitga chiqarilishini kamaytirishni, jumladan tiklanuvchi energiya manbalariga o‘tish bo‘yicha jadalroq choralar ko‘rishni qat'iyan tavsiya qilgan.
Mavzuga oid
17:39 / 07.11.2024
BMT Markaziy Osiyoda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar soni kamayganini qayd etdi
17:00 / 05.11.2024
O‘tgan yuz yilda sunami 260 mingdan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘ldi - BMT
14:10 / 05.11.2024
BMT: RF va KXDR o‘rtasidagi hamkorlik «xavfli eskalatsiya»ga olib keladi
13:50 / 05.11.2024