Rossiya xorijdagi tanqidchilarini kuzatish, qoʻrqitish va jazolash hamda ularning mamlakatda qolgan oila aʼzolariga bosim oʻtkazishga qaratilgan davlat tizimini yaratgan. Bunday xulosa BMTning Rossiyadagi inson huquqlari vaziyati boʻyicha maxsus maʼruzachisi Mariana Katsarovaning hisobotida keltirilgan.
Hujjat 21-sentabr kuni BMT Inson huquqlari kengashiga taqdim etildi.
Katsarovaning fikricha, Rossiya xorijdagi tanqidchilarga bosim oʻtkazish uchun «transmilliy repressiyalar» tizimidan foydalanmoqda. Maxsus maʼruzachi uni mamlakat ichidagi davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanadigan repressiyalar tizimining davomi deb baholadi.
«Rossiyani tark etish Rossiya repressiyalarini ortda qoldirishni anglatmaydi», - dedi u.
Hisobot qariyb 400 ta hujjatlashtirilgan taʼqib holatiga asoslangan. Unda qotillik, qotillikka urinish, hujum va zaharlash kabi maqsadli zoʻravonlik hamda hayotga tahdidlar repressiyalarning eng ogʻir shakllari sifatida koʻrsatilgan.
Hujjatga koʻra, Rossiya soʻnggi oʻn yilda qayd etilgan bevosita jismoniy hujumlarning 70 foizdan ortigʻi hissasiga toʻgʻri kelgan oʻn davlat orasida uchinchi oʻrinni egallaydi.
Katsarova bunday harakatlar uchun javobgarlikka tortish holatlari deyarli yoʻqligini taʼkidladi. Uning aytishicha, koʻp hollarda surishtiruv oʻtkazilmaydi, Rossiya rasmiylari oʻz aloqadorligini rad etadi, ayrim gumon qilingan ijrochilar esa ragʻbatlantiriladi yoki mukofotlanadi.
Maxsus maʼruzachi hisob-kitobiga koʻra, Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng koʻlamli urushi boshlangan 2022-yildan keyin mamlakatni 650 mingdan 900 ming nafargacha kishi tark etgan.
Hujjatlashtirilgan transmilliy repressiya holatlari 2022-yilgacha boʻlgan sakkiz yildagi 29 tadan keyingi uch yilda 89 taga yetgan.
Shu bilan birga, sirtdan chiqarilgan hukmlar soni 2022-yildagi toʻrttadan 2025-yilda 157 tagacha koʻpaygan.
Hisobotda transmilliy repressiyalarga Rossiya Federal xavfsizlik xizmatining kamida toʻqqizta boʻlinmasi, harbiy va tashqi razvedka, prokuratura organlari hamda davlat vazirliklari jalb qilingani daʼvo qilingan.
Katsarovaga koʻra, 2022-yildan keyin repressiyalarning koʻlamidan koʻra ularni amalga oshirish usullari koʻproq oʻzgargan. Hozirda hibsga olish orderlari, maʼlumotlar bazalari, bank va raqamli tizimlar, jamoatchilik ishtirokiga qarshi strategik daʼvolar hamda vositachilardan foydalanilmoqda.

















