BAAda oziq-ovqat mahsulotlarining ularning oziqaviy qiymatiga ko‘ra belgilash bo‘yicha umummilliy dastur yo‘lga qo‘yildi. BAA hukumati tomonidan tasdiqlangan dasturga asosan, oziq-ovqat mahsulotlari ulardagi yog‘, shakar va tuz miqdoriga ko‘ra uch rangda belgilanib, iste'molchilarga quyidagilar haqida ma'lumot beradi:

qizil rang – ko‘p iste'mol qilmaslik tavsiya qilinadi;
zarg‘aldoq – o‘rtamiyona iste'mol qilish tavsiya qilinadi;
yashil – muntazam iste'mol qilish tavsiya qilinadi.

Hozircha dastur ishlab chiqaruvchilar uchun majburiy hisoblanmaydi, biroq 2022 yil yanvaridan qoidalarga qat'iy rioya qilish joriy qilinadi. Dastur konservalangan quyuq va suyuq oziq-ovqat mahsulotlariga tatbiq qilinadi. Mevalar, sabzavotlar, go‘sht va baliq belgilanmaydi.

Mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligi vaziri Maryam bint Muhammad Al-Mohiriyning ta'kidlashicha, bu dastur salomatlik uchun zararli mahsulotlar iste'molini 30 foizga kamaytirishga qaratilgan milliy strategiyani qo‘llab-quvvatlaydi. 

Uning ta'kidlashicha, ovqatlanishdagi zararli odatlar oqibatida yuzaga keladigan kasalliklar mamlakat iqtisodiyotiga har yili 55 mln dirhamga (15 mln dollar) tushadi.