Kim uchundir qayg‘uli, kim uchundir xotirjam o‘tgan terma jamoalar o‘rtasidagi o‘yinlar yana bir oyga chekinib, bor e'tiborimiz yana milliy chempionatlarga qaratiladi. Bu safargi o‘yinlar yana bir tomoni bilan qiziq – sentyabrning ilk kunlarida yopilgan transfer darchasidan keyingi ilk o‘yinlar. Bu esa, juda ko‘p jamoalar tarkibida yangi futbolchilarni ko‘rishimiz mumkinligini anglatadi. Bundan tashqari, terma jamoalar bilan bog‘liq tanaffuslar asosan top-klublar uchun noqulaylik tug‘diradi. Bu holat, ligalarda raqiblar o‘rtasidagi vaziyatni sal tenglashtirib, har bir o‘yin juda qiziqarli o‘tishini ta'minlashi mumkin.

E'tiboringizga dam olish kunlaridagi shiddatli o‘yinlar anonsini havola qilamiz. Kelasi haftada yevrokubok o‘yinlari borligi uchun aksariyat uchrashuvlar shanba kuniga belgilangan.

FIOReNTINA – YuVeNTUS (14 sentabr, 18:00)

«Yuventus» odatdagidek, chempionatni g‘alabalar bilan boshlagan bo‘lsa-da, Sarri hali o‘zining optimal jamoasini tuzgani yo‘q, shuning uchun turinliklarning har bir o‘yinini kuzatish qiziq bo‘ladi. Tarkibda juda ko‘p yuqori saviyali futbolchilar jamlangan va shu palladagi har bir o‘yin ularning kelajagiga oydinlik kiritishi mumkin. Yoki masalan, bu o‘yin transfer oynasi yopilgandan keyin ilk uchrashuv – bu shuni anglatadiki, yoz bo‘yi ketishi taxmin qilingan Iguain, Dibala kabi futbolchilar «Yuventus»da qolishdi, ana endi Sarri ularga ham ko‘proq e'tibor qaratishni boshlashi tabiiy. Bundan tashqari, yozda erkin agent sifatida «Arsenal»ni tark etib Turinga kelgan Aaron Remzi jarohatini tuzatib safga qaytdi va u bu o‘yinda maydonga tushishi mumkin.

Jamoaga biroz xos bo‘lmagan tarafi, «Yuventus» dastlabki ikki turda 3 gol o‘tkazib ulgurdi. To‘g‘ri, bu «Napoli»ga qarshi o‘yinda ro‘y berdi, lekin aynan shunisi g‘alati, «Yuventus» top o‘yinlarda himoyaga qattiq e'tibor beradigan jamoalardan hisoblanardi. Nahotki, endi Sarri bilan boshqacharoq, yanada qiziqroq «Yuventus»ni ko‘rsak?

«Fiorentina» esa, qiziqarli raqib. Birinchidan, florensiyaliklar mavsumni ancha beqaror o‘tkazib, turnir jadvalining quyi qismlariga o‘rganib qolgan bo‘lsalar-da, top raqiblarga qarshi kutilmaganda, doim munosib o‘ynab kelishgan. Ikki yil oldin aynan «Fiorentina» «Napoli»ning yo‘liga to‘siq bo‘lib, «Yuventus»ga chempionlik yo‘lini ochib bergandi. Ikkinchidan, endi tarkibda Riberi, Kevin-Prins Boateng kabi tajribali futbolchilar paydo bo‘ldi. Ular jamoadoshlariga «Yuventus»dan qo‘rqmaslikni o‘rgatishlari tabiiy. Bu futbolchilarning debyuti u qadar ishonchli chiqmagan bo‘lsa-da, o‘rtadagi tanaffus yangilarning ko‘proq kirishib ketishlari uchun imkoniyat bo‘ldi. Shuningdek, o‘z vaqtida Turinda to‘p surgan Martin Kasares ham sobiq jamoasiga qarshi maydonga tushishi mumkin. «Lester»da ishlari yurishmagan Rashid G‘azzolni ham yangi chempionatda kuzatish qiziq bo‘ladi.