Vazirlar Mahkamasining “O‘z faoliyatini to‘xtatgan tadbirkorlik sub'yektlarining tadbirkorlik faoliyatini tiklash va unga jalb qilish, tegishli hududda ularning sonini oshirish yuzasidan rag‘batlantirish va javobgarlikni kuchaytirish tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun e'lon qilindi.
Hujjat bilan quyidagilar:
o‘z faoliyatini to‘xtatgan tadbirkorlik sub'yektlarining tadbirkorlik faoliyatini tiklash va unga jalb qilish, ularning sonini oshirishga ko‘maklashish bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar ishchi guruhi hamda tuman (shahar)lar ishchi guruhining namunaviy tarkibi;
o‘z faoliyatini to‘xtatgan tadbirkorlik sub'yektlarining tadbirkorlik faoliyatini tiklash va unga jalb qilish, ularning sonini oshirish yuzasidan ishchi guruhlarni rag‘batlantirish va javobgarligini belgilash mexanizmi;
o‘z faoliyatini to‘xtatgan tadbirkorlik sub'yektlarining tadbirkorlik faoliyatini tiklash va unga jalb qilish, ularning sonini oshirish yuzasidan ishchi guruhlarni rag‘batlantirish va javobgarligini belgilashni amalga oshirish sxemasi tasdiqlanadi.
Davlat Soliq qo‘mitasi o‘z faoliyatini tugatgan tadbirkorlik sub'yektlarining birlamchi ro‘yxatini bir hafta muddatda, keyinchalik har oyda hisobot oyidan keyingi oyning 5-sanasigacha Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga taqdim etib boradi.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi har oyda hisobot oyidan keyingi oyning 15-sanasigacha Davlat Soliq qo‘mitasi tomonidan taqdim etilgan ro‘yxatni tahlil qilib, natijasi bo‘yicha tahliliy xulosani Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimlariga taqdim etadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimlari Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan taqdim etilgan xulosaga asosan tegishli mas'ullarni rag‘batlantirish yoki ularga nisbatan jarimalar qo‘llash bo‘yicha choralar ko‘radilar.
O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi Davlat Soliq qo‘mitasi, Agentlik bilan birgalikda o‘z faoliyatini to‘xtatgan tadbirkorlik sub'yektlari sonining uch oy davomida surunkali ravishda ortishiga yo‘l qo‘yilgan hududlarga chiqqan holda muammolarni o‘rganib, natijasi bo‘yicha hisobot oyidan keyingi oy yakuniga qadar chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritib boradi.











