Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “O‘zbekiston Respublikasining Yer kodeksi qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi e'lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasining 1998 yil 28 avgustda qabul qilingan 667-I–son Qonuni bilan amalga kiritilgan “Davlat yer kadastri to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga quyidagi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritiladi:

13-modda quyidagi tahrirda bayon etiladi:

“13-modda. Yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish

Yer uchastkalaridan foydalanish huquqini, yer uchastkalarini ijaraga olish huquqini, yer uchastkasiga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqini, shuningdek, yer uchastkalariga bo‘lgan mulk huquqini, shu jumladan servitutlar to‘g‘risidagi bitimlarni va boshqa cheklovlarni hamda ushbu huquqlarning bekor qilinishini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish ko‘chmas mulkka (yer uchastkalari, bino va inshootlar, ko‘p yillik dov-daraxtlarga) bo‘lgan huquqlarning va ularga doir bitimlarning davlat reyestriga tegishli ma'lumotlarni kiritish orqali yer uchastkasi joylashgan tumanda (shaharda) amalga oshiriladi.

Yer uchastkalaridan foydalanuvchi, ularni ijaraga olgan, unga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qiluvchi, shuningdek, mulk qilib olgan yuridik va jismoniy shaxslar yer uchastkalariga bo‘lgan o‘z huquqini belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazishlari shart.

Yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlarning yuzaga kelishi, o‘zgaga o‘tishi, cheklanishi va bekor qilinishi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim. Yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni ro‘yxatga olganlik uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazish yig‘imi undiriladi.

Yuridik va jismoniy shaxslarning yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarini davlat ro‘yxatdan o‘tkazish yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlar to‘g‘risidagi zarur hujjatlar ilova etilgan ariza kelib tushgan paytdan e'tiboran ikki kun muddatda O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastr davlat qo‘mitasining “O‘zdaverloyiha” davlat ilmiy-loyihalash instituti tomonidan amalga oshiriladi, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlarning yuzaga kelishi va boshqa shaxsga o‘tishi davlat ro‘yxatidan o‘tganlik to‘g‘risidagi ko‘chmas mulk obektlariga bo‘lgan huquqlarning davlat reyestridan elektron ko‘chirma beriladi.