O‘zbekiston | 07:33 / 14.09.2019
15586
3 daqiqa o‘qiladi

«Chiroqchi» erkin iqtisodiy zonasi tashkil etildi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Chiroqchi” erkin iqtisodiy zonasini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Qashqadaryo viloyati hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligining Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida “Chiroqchi” erkin iqtisodiy zonasini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi.

Quyidagilar “Chiroqchi” EIZning asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari etib belgilandi:

tashqi bozorlarda talab etilayotgan va import o‘rnini bosuvchi, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha zamonaviy ishlab chiqarishlarni tashkil qilish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy va mahalliy investitsiyalarni jalb etish;

viloyatning ishlab chiqarish va resurs salohiyatlaridan kompleks hamda samarali foydalanishni ta'minlash;

mahalliy xomashyo va materiallar negizida mustahkam kooperatsiya aloqalarini o‘rnatish hamda erkin iqtisodiy zona ishtirokchilari o‘rtasida va umuman respublikada sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish asosida yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish jarayonlarini chuqurlashtirish;

viloyatning ishlab chiqarish va resurs salohiyatidan samarali foydalanish asosida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishni kengaytirish, qayta ishlashni chuqurlashtirish va ularning eksport hajmini oshirish;

logistika xizmatlari ko‘rsatishning zamonaviy infratuzilmasini shakllantirish, sanoat sohasidagi ishlab chiqarish sub'yektlariga ular tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar eksportini tashkil etishda ko‘maklashish;

ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni standartlashtirish, sertifikatlashtirish va markirovka qilish bo‘yicha xalqaro standartlarga muvofiq ilmiy-ishlab chiqarish markazlarini tashkil etish va ularning xulosalari xalqaro darajada e'tirof etilishini ta'minlash chora-tadbirlarini amalga oshirish;

“Chiroqchi” EIZning soha kadrlariga bo‘lgan joriy va istiqboldagi ehtiyojlaridan kelib chiqib, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashni tashkil etish, shu jumladan, ularning “Chiroqchi” EIZda joylashgan hududdagi tashkilotlarda ishlab chiqarish amaliyotini o‘tashida qatnashish.

Belgilanishicha:

“Chiroqchi” EIZning faoliyat ko‘rsatish muddati 30 yilni tashkil etadi va ushbu muddat keyinchalik uzaytirilishi mumkin;

“Chiroqchi” EIZ faoliyati davomida uning hududida alohida soliq, bojxona va valuta tartibotlari amal qiladi;

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2016 yil 26 oktyabrdagi PF–4853-son “Erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini faollashtirish va kengaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni 3, 4 va 5-bandlari qoidalari “Chiroqchi” EIZ ishtirokchilariga nisbatan ham tatbiq etiladi.

Mavzuga oid