Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 90-moddasini qo‘llash haqida Markaziy saylov komissiyasining qarori loyihasi e'lon qilindi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 90-moddasining uchinchi qismiga asosan ijro etuvchi hokimiyat organlarining mansabdor shaxslari (bundan viloyat, tuman va shahar hokimlari mustasno) deputat etib saylangan taqdirda, egallab turgan lavozimidan bo‘shash to‘g‘risida ariza berish sharti bilan mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzod etib ro‘yxatga olinadi.

Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov o‘tkazuvchi viloyat, tuman va shahar saylov komissiyalari O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 90-moddasi uchinchi qismini qo‘llashda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”, “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi qonunlariga asosan, ijro etuvchi hokimiyat organlariga quyidagilar kirishiga e'tibor qaratadilar:

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi;

viloyat, tuman va shahar hokimliklari devoni (apparati) tuzilmasiga kiradigan bo‘linmalar;

davlat boshqaruv organlari, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2003 yil 9 dekabrdagi № PF-3358-son “Respublika davlat boshqaruvi organlari tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmoni ilovasida sanab o‘tilgan davlat boshqaruv organlari, ushbu organlar tuzilmasiga kiruvchi hududiy bo‘linmalar;

o‘zlari to‘g‘risidagi nizomlarda davlat boshqaruvi organi sifatida maqomi mustahkamlangan davlat organlari va ularning tuzilmasiga kiruvchi hududiy bo‘linmalar.

Davlat boshqaruvi organlariga ushbu organlar bo‘ysunuvidagi davlat korxonalari va muassasalar hokimiyat vakolatlariga ega emasliklari bois, hokimiyat ijroiya organlari tarkibiga kirmaydilar. Masalan, Xalq ta'limi vazirligi tizimidagi maktablar, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tizimidagi oliy ta'lim muassasalari, Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi davolash va davolash-profilaktika muassasalari, Adliya vazirligi tizimidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi va boshqalar.

Mansabdor shaxslari deputat etib saylangan taqdirda, egallab turgan lavozimidan bo‘shash to‘g‘risida ariza berish sharti bilan Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari deputatligiga nomzod etib ro‘yxatga olinadigan ijro hokimiyati organlari Ro‘yxati tasdiqlanadi.