15:05 / 29.09.2019
0
47144

Saudiya Arabistoni podshohining shaxsiy tansoqchisi otib o‘ldirildi

Foto: Alarab.co.uk

Saudiya Arabistoni podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saudning shaxsiy tansoqchisi, brigada generali Abdulaziz al-Fahm o‘qotar jarohat oqibatida halok bo‘ldi. Bu haqda Makka politsiyasiga iqtibos keltirgan holda Al Arabiya telekanali xabar berdi.

Politsiyada ta'kidlanishicha, general 28 sentabr kechki vaqt o‘z do‘sti uyida otib tashlangan. Ma'lumotlarga ko‘ra, podshohning qo‘riqchisi do‘sti Turki bin Abdulaziz as-Sobtiyni ko‘rgani Jiddaga borgan. U yerda general va do‘stining yana bir mehmoni Mamduh bin Mash'al Al Ali o‘rtasida mojaro chiqqan. Mojarodan keyin Mamduh uydan chiqib, u yerga qurol bilan qaytgan va uydagi barchani betartib o‘qqa tutgan.

Tansoqchi og‘ir jarohat olib, shifoxonada jon bergan. Mojaro vaqtida yana ikki kishi, jumladan uyning egasi va filippinlik ishchi jarohat olgan. Voqea joyiga yetib kelgan politsiyachilar va ularga taslim bo‘lishni istamagan jinoyatchi o‘rtasida otishma yuz bergan. Otishma vaqtida 5 politsiyachi yaralangan, jinoyatchi esa otib o‘ldirilgan.

General al-Fahm ko‘plab saudiyalik podshohlar bilan ishlagan, marhum podshoh Abdullohning shaxsiy tansoqchisi bo‘lgan, keyinroq podshoh Salmonni qo‘riqlagan va dunyoda o‘z ishining eng mohirlaridan biri hisoblangan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top