AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi davom etar ekan, Vashington oldida yana bir ogʻir savol paydo boʻldi. Bu savol ikki haftadan buyon AQSH prezidenti Donald Trampni qiynab kelmoqda: Saudiya Arabistonining iltimoslariga koʻnib, AQSH harbiylariga husiylar nazoratidagi nishonlarga zarba berishni buyurishi kerakmi?

Ammo bu qaror husiylarni qoʻllaydigan Eronga qarshi urushda yana bir frontni ochib yuborishi mumkin edi. Tramp esa oʻzi boshlagan va butun dunyo iqtisodiyotiga zarba berib kelayotgan urushni yarim yildan ortiq vaqtdan beri tugata olmayapti.

New York Times'ning yozishicha, Tramp Saudiyaning husiylarga qarshi kurashda yordam soʻrab qilgan murojaatlari borasida bir necha hafta ikkilanib kelgan.

Valiahd shahzodaning qoʻngʻirogʻi

17-sentabr, payshanba kuni vaziyat keskin tus oldi. AQSH maʼmuriyati rasmiylarining nashrga aytishicha, Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon prezidentga qoʻngʻiroq qildi. Qirollikning de-fakto rahbari va Eron urushida AQShning asosiy ittifoqchisi boʻlgan shahzoda jadal ilgarilayotgan husiylar hujumini susaytirishga yordam berish uchun Trampdan yana bir bor aralashishni soʻragan.

Tramp bundan bir kun oldin maslahatchilari bilan uchrashib, ularga zarbalar berish tarafdori emasligini aytgandi. Ammo valiahd shahzoda bilan gaplashgach, fikridan qaytdi va Pentagonga havo zarbalariga tayyorgarlik koʻrishni buyurdi.

Biroq yakshanba kuni tushga kelib, prezident yana fikridan qaytganga oʻxshadi, deb yozmoqda Times. Nashr bilan gaplashgan Oq uy rasmiylariga koʻra, AQSH husiylarga havo zarbalari bermaydi. Hech boʻlmaganda hozircha. Rasmiylar harbiy rejalarni muhokama qilishga vakolatlari boʻlmagani uchun ismlarini oshkor qilmaslik sharti bilan gapirgan.

Oq uyning matbuot xizmati esa Trampning qaror qabul qilish jarayonini rasman izohlashdan bosh tortdi. Maʼmuriyatning yuqori martabali rasmiylaridan biri faqat shunday dedi: «AQShning Saudiya Arabistoni bilan mudofaa kelishuvi bor va biz doim ittifoqchilarimizni himoya qilamiz».

Soʻnggi daqiqalarda oʻzgargan qaror

Maʼmuriyatdagi yana bir yuqori lavozimli manbaga koʻra, prezidentning yaqin davrasidagilarning aksariyati Saudiyaning husiylarga qarshi urushiga qoʻshilishga shubha bilan qaragan yoki bunga ochiq qarshi chiqqan. Buning asosiy sababi AQSH harbiylari Eron bilan urushda allaqachon duch kelayotgan zoʻriqish edi.