Aholini uzluksiz issiq suv va issiqlik quvvati bilan ta'minlash bo‘yicha 4 oktabr kuni prezident huzurida yig‘ilish bo‘lib o‘tgan edi. Biz shu mavzu yuzasidan suhbat o‘tkazish maqsadida Uy-joy va kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligida bo‘ldik.

Vazir o‘rinbosari G‘ofur Jamolov bilan kechgan suhbatimiz issiqlik ta'minotidagi muammolar va bu sohada qilinayotgan ishlar mavzusida bo‘ldi.

– Issiq suv va issiqlik quvvati bizdagi og‘riqli masalalardan biri hisoblanadi. O‘zimiz ham poytaxtga kelganimizdagina issiq suv ta'minotini ko‘rganmiz. Butun respublika bo‘ylab qachon issiq suv ta'minlanishi mumkin?

– Ko‘p yillar davomida sohada faoliyat yurituvchi yagona muvofiqlashtiruvchi tizim bo‘lmagan. Soha hududiy boshqaruvga berilgan. Tashkilotlarning o‘z ustida ishlashi, modernizatsiya bo‘yicha bir «yo‘l boshlovchi» bo‘lmagan. O‘sha paytlarda joriy va kapital ta'mirlash masalalari uchun tariflarda mablag‘lar ko‘zda tutilmaganligini ham misol qilishimiz mumkin.

Jami bo‘lib, 39 mingta ko‘p qavatli uy bo‘lsa, ulardan 23800tasini ta'minlashimiz shart. Aytilgan masalalar sababli hozirgi kunda 13900ta uyga issiqlik beryapmiz. Bu degani 10 mingga yaqin uylar issiqlik tarmog‘idan uzilgan deganidir.

Issiqlik ta'minoti va issiqlik energiyasi bo‘yicha kelgusidagi qadamlarimizni aniq belgilab oldik. Sohaga oxirgi marta investitsiya kiritilgani 1988 yilda bo‘lgan. Eng yangi qozonxonamiz 1988 yilgi qozonxonadir.

Bizda mavjud 5 ming kilometr issiqlik tarmoqlaridan 75 foizi foydalanish muddatini o‘tab bo‘lgan. Xuddi shunday, 633ta markaziy va mahalliy qozonxonalarimiz bor. Ulardan ham 40 foizi muddatini o‘tab bo‘lgan. Ular sobiq ittifoq davrida qurilgan bo‘lib, energiyani ko‘p sarf etadigan holdadir.

Mana, loyihalarni boshladik. Jahon banki bilan birgalikda 5ta yirik shaharni o‘ziga qamrab olgan loyihalar boshlandi. Loyiha Andijon, Buxoro, Samarqand, Chirchiq va Toshkentning Sergeli tumani issiqlik ta'minotini modernizatsiya va rekonstruksiya qilishni ko‘zda tutadi.

Yuqorida aytganim 10 mingga yaqin issiqlik energiyasi berilmayotgan uylardan 1200tasini shu loyihada qilib beramiz.