«Vaqf» xayriya jamoat fondiga 30 oktabr sanasiga qadar 164 mlrd so‘m miqdorida mavblag‘ kelib tushgan. Shundan 122 mlrd.dan ortiq mablag‘ masjidlar hisob raqamlariga, salkam 25,5 mlrd so‘m mablag‘ ziyoratgohlar hisob raqamlariga kelib tushgan. Fond rahbari Iskandar Xalilov Islom nuri gazetasiga bergan intervyusida jamg‘arma faoliyatiga doir savollarga oydinlik kiritdi.
Uning bildirishicha, joriy yil 30 oktabr sanasiga qadar, «Vaqf» fondi hisob raqamlariga 164 milliard so‘m miqdorida mablag‘ kelib tushgan. Shundan, xayriya hisob raqamiga 1 mlrd 201 mln so‘m, zakot hisob raqamiga 5,6 mlrd so‘m, vaqf hisob raqamiga 758 mln so‘m, masjidlar hisob raqamiga 122,3 mlrd so‘m va ziyoratgohlar hisob raqamiga 25 mlrd 464 mln so‘m tushgan.
Ushbu mablag‘lar esa, «Vaqf xayriya jamoat fondining daromadlarini shakllantirish va mablag‘larini, tovar moddiy boyliklarini taqsimlash Yo‘riqnomasi»ga asosan
quyidagi xarajatlar uchun sarflangan:
Xayriya hisob raqamidan:
· 25 ta ijtimoiy himoyaga muhtoj tashkilotga 130 mln so‘m;
· 4 766 ta kam ta'minlangan va yordamga muhtoj oilalarga zakot va xayriya pullari hisobidan 5 mlrd 043 mln so‘m.
Masjidlar hisob raqamidan:
· masjidlar va vakilliklarning talabnomalariga asosan 110,7 mlrd so‘m.
Ta'kidlanishicha, Fond mablag‘larining asosiy qismi masjidlardagi ehson qutilari orqali shakllansa-da, mablag‘larning aksar qismi yana masjidlar xarajatlariga yo‘naltiriladi. Xususan, masjidlardan tushgan mablag‘larning 75 foizi ularga qayta yuboriladi. 10 foizi O‘zbekiston musulmonlari idorasining hududiy vakillariga, 10 foizi idora faoliyatini tashkil etishga beriladi. Faqat 5 foizi Fond ixtiyorida qoladi. Biroq, mazkur 5 foiz hisobiga 700 dan ziyod daromadi kam masjidlarning imom-xatiblariga oylik maosh beriladi. Bu 370 mln so‘mni tashkil etmoqda.
Ziyoratgohlar hisob raqamidan:
· ziyoratgohlar va filiallarning talabnomalariga asosan 19,8 mlrd so‘m.
Aksiyalar hisob raqamlaridan:
· aksiyalar maqsadi bo‘yicha 3,1 mlrd so‘m.
Asosiy hisob raqamdan 3 mlrd 800 mln so‘m miqdorida mablag‘ sarflandi.









