O‘zbekiston | 14:21 / 15.11.2019
8549
3 daqiqa o‘qiladi

Jyerar Deparde O‘zbekiston haqidagi hujjatli filmni suratga olish ishlari uchun Buxoroga keldi 

Jyerar Deparde ishtirokidagi hujjatli film Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva, Termiz va Nukusda suratga olinadi. 

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi axborot xizmati

Mashhur fransuz aktyori va O‘zbekistonning Fransiyadagi turizm elchisi Jyerar Deparde Buxoro viloyatiga keldi. Bu haqda Buxoro viloyati Turizmni rivojlantirish departamenti axborot xizmati xabar berdi.

Fransuz telekanallarida videoroliklar tayyorlash orqali sayyohlik potensialini oshirish va O‘zbekistonning ijobiy imijini targ‘ib etishni maqsad qilgan O‘zbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi “B-Tween” fransuz ishlab chiqarish kompaniyasi bilan birgalikda “Paris Premiere” telekanali uchun “Ipak yo‘li” hujjatli filmini tayyorlash rejasini ishlab chiqqan edi. Mazkur filmda fransuz aktyori Jyerar Deparde bosh rolni ijro etishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, O‘zbekiston haqidagi hujjatli film suratga olish ishlari uchun aktyor Buxoroga keldi. 

“Ko‘plab ekspertlarning ta'kidlashicha, O‘zbekiston musulmon dunyosi uchun insonparvarlik rivojlanish modelining poydevorini qo‘ymoqda. Ayniqsa, O‘zbekiston azaldan olimlar va buyuk mutafakkirlarni dunyoga keltirgan zamin ekanligini, «VIII asrdan beri bu yerda noyob intellektual muhit yaratilgan bo‘lib bunda Naqshbandiyning eng katta so‘fiylik nishoni ham muhim ahamiyat kasb etadi”, - deb ta'kidladi u.

Shuningdek, aktyor “Poyi Kalon” majmuasida ham bo‘lib, ayni madaniy meros obektining tarixiy jozibadorligi guvohiga aylandi. 

Shundan so‘ng aktyor “Old Bukhara” restoranida Buxoroning milliy “Sofi Oshi”ni tayyorlash mahorat darsida ham ishtirok etdi. 

Jyerar Deparde ishtirokida hujjatli filmni suratga olish tashkilotchilari sifatida «O‘zbekkino», Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, O‘zbekistonning Fransiyadagi elchixonasi tashabbus ko‘rsatmoqda. Film O‘zbekistonning 5 ta shahri - Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva, Termiz va Nukusda suratga olinadi. O‘zbekistonda filmni suratga olish ishlari 26 noyabrgacha davom etishi rejalashtirilgan.

Mavzuga oid