AQSH prezidenti Donald Tramp maʼmuriyati Jekson-Venik tuzatishini bekor qilishni yoqlaydi. Bu haqda AQSH davlat kotibi Marko Rubio 19-oktabr kuni Samarqandda jurnalistlarga maʼlum qildi.

«Biz uning bekor qilinishi tarafdorimiz. AQSH Kongressida bunday qarorni qoʻllab-quvvatlovchi koʻplab nufuzli shaxslar bor. Senatda nomzodimni tasdiqlash boʻyicha eshituvlar chogʻida ham bu haqda soʻrashgan va men bekor qilinishini yoqlashimni aytgan edim. Maʼmuriyat ham bunga chaqirmoqda. Kongress hozircha shunchaki bu masalaga yetib kelgani yoʻq, ammo bu sodir boʻlishiga umid qilamiz», - dedi Rubio.

2025-yil noyabrda AQSH Kongressining ikkala palatasi - Senat va Vakillar palatasi 1974-yildan beri amalda boʻlgan va migratsiya erkinligiga toʻsqinlik qiluvchi davlatlar bilan savdo aloqalarini cheklaydigan Jekson-Venik tuzatishini bekor qilish toʻgʻrisidagi qonun loyihasini kiritgan edi. Biroq, ushbu loyiha boʻyicha ovoz berish jarayoni hanuz oʻtkazilmagan.

Sovuq urush davrida qabul qilingan tuzatish uzoq yillar davomida bir qator davlatlar, sobiq SSSR davlatlari, jumladan Oʻzbekiston bilan savdoga siyosiy cheklovlar qoʻygan edi.

SSSR parchalanganidan soʻng, qonun avtomatik ravishda barcha MDH mamlakatlariga taalluqli boʻldi. Keyinchalik, AQSH baʼzi davlatlarni uning taʼsiridan chiqardi: Rossiya, Ukraina, Qirgʻiziston, Armaniston, Gruziya, Latviya, Litva, Estoniya. Biroq, Markaziy Osiyoning aksariyat davlatlari - Qozogʻiston, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekiston - cheklovlar ostida qolmoqda.

Mutaxassislarning taʼkidlashicha, tuzatishning bekor qilinishi quyidagilar uchun sharoit yaratadi:

  • Markaziy Osiyo mamlakatlarining AQSH bozoriga kirishini kengaytirish;

  • Amerika investitsiyalarini jalb etish;

  • mintaqaning Vashington bilan strategik sherikligini mustahkamlash.