Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tanqiddan so‘ng: Past Darg‘omdagi daraxtlarni noqonuniy kesgan shaxs 54 mln so‘m zararni qoplaydi va jarima to‘laydi
Kun.uz saytida «Past Darg‘omda ko‘cha yuzidagi sog‘lom daraxtlar kesildi — Moratoriy nega inkor etilyapti?» sarlavhasi ostida tuman markazi Juma shahri Amir Temur ko‘chasida noqonuniy kesilgan archalar bo‘yicha tanqidiy reportaj e'lon qilingan edi.
Tahririyatga Past Darg‘om tuman ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish inspeksiyasi boshlig‘i Ulug‘murod Umarovning mazkur holat bo‘yicha ma'lumotnomasi taqdim etildi.
«Vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi hamda tuman inspeksiyasi xodimlari tomonidan o‘rganishlar olib borildi.
O‘rganishlar natijasida shu narsa ma'lum bo‘ldiki, ayni paytda Amir Temur ko‘chasida qurilish bunyodkorlik ishlari olib borilayotganidan xabardor tumanning «Jag‘alboyli» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Odiljon Sattorov vaziyatdan foydalanib, piyodalar yo‘lakchasi atrofidan biror hujjatsiz, o‘zboshimchalik bilan 8 tup, ya'ni 5 tup «mojjivelnik» va 3 tup «tuya» navli archa daraxtlarini o‘z ehtiyojlari uchun ishlatish maqsadida kesgani aniqlandi va bu haqda guvohlar ishtirokida dalolatnoma rasmiylashtirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 17 yanvardagi 43-sonli qarori 4-ilovasiga asosan 8 tup archaning o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarari hisoblanganida, jami 54.412.000 so‘mni tashkil qildi. Fuqaro O.Sattorov qilgan aybini tan olib, yetkazilgan zararni to‘liq to‘lab berishini ma'lum qildi.
Mazkur holat yuzasidan tuman ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish inspeksiyasi tomonidan O.Sattorovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 79-moddasi 1-qismiga asosan ma'muriy javobgarlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atilib, 2.230.000 so‘m miqdorida jarima jazosi qo‘llandi.
Hozirgi kunda fuqaro O.Sattorovdan yetkazilgan zarar va jarimalarni undirish choralari ko‘rilmoqda», — deyiladi ma'lumotnomada.
Mavzuga oid
13:33 / 03.02.2026
Samarqandda ikki tumanga yangi hokimlar tayinlandi
13:40 / 09.01.2026
Samarqandda 15 yoshli bola uylangani haqidagi video yuzasidan rasmiy ma’lumot berildi
17:31 / 04.12.2025
Past Darg‘omda cho‘chqaxona egalari havoni ifloslab kelgani aniqlandi
16:19 / 24.12.2024