O‘zbekiston | 12:30 / 20.11.2019
34305
8 daqiqa o‘qiladi

Tanzila Norboyeva OAVdan qochib yurgan amaldorlar, Senat raisligiga taklif, ishlamayotgan qonunlar va daraxtlar haqida

Bloger Kirill Altman Alter Ego videoloyihasi doirasida Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva bilan suhbat uyushtirdi.

Tanzila Norboyevaning so‘zlariga ko‘ra, amaldorlarning ochiqligi, matbuot bilan erkin muloqot qilishi vaqt o‘tishi, tajriba orttirilishi bilan yuzaga keladi.

“Bu tajriba bilan birga keladi. Uch yil ichida ommaviy axborot vositalari va odamlar uchun keskin ochiqlik yuz berdi. Odamlar erkin muloqotni sog‘indi. Amaldorlar bunday muloqotga odatlanmagan. O‘ylaymanki, uch yil ichida biz bu sohada juda ko‘p narsalarga erishdik. Ammo muammolar ko‘p. Mansabdorlarning o‘rganishi uchun vaqt kerak. Menimcha, amaldorlarning yosh avlodi tayyor bo‘ladi. Bugungi kunda ular matbuot va odamlar bilan muloqotga kirishni juda xohlayapti. Biz buni har kuni televizor, OAV va ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rmoqdamiz. Albatta, hanuzgacha qochib, yashirinib yurgan amaldorlar ham bor, ammo bu vaqtinchalik narsa. Hali kamida uch-besh yil kerak”, - deydi T. Norboyeva.

Senat raisining aytishicha, har kuni ijtimoiy tarmoqlarni kuzatadi va katta qiziqish bilan o‘qiydi:

“Men har kuni ijtimoiy tarmoqlarni ochaman va katta qiziqish bilan o‘qiyman. O‘zim uchun ajoyib xulosalar chiqaraman. Odamlar u yoki bu muammolarni ko‘taradi, demak biz nega bu muammolar odamlarni qiynayotgani haqida o‘ylashimiz kerak. Vaziyatni to‘g‘rilash uchun mos keladigan qarorlar qabul qilishga harakat qilamiz. Hech qachon ko‘ngli to‘lmaydigan odamlar ham bor. Hokimiyat odamlar kelib, vaziyatni to‘g‘rilashga yordam berayotganidan xursand bo‘lishi kerak”.

Tanzila Norboyeva Senat raisi lavozimiga tayinlanishi o‘zi uchun kutilmagan bo‘lganini aytib o‘tdi.

“Bu men uchun kutilmagan holat bo‘ldi. Bunday taklif kelib tushishini umuman kutmagandim. Sababi, parlament saylovlaridan oldin bu taklif juda kutilmagan edi. Agar kadrlar almashtirilsa, Senatning yangi rahbari yoki spiker, qo‘mita raislari saylansa, barchamiz bu saylovlardan keyin yuz berishini kutamiz. Bu taklifni katta minnatdorchilik bilan qabul qildim. Mening nomzodimni senatorlar ham qo‘llab-quvvatladi”, - deydi u.

Qayd etilishicha, mamlakat hozir rivojlanishning yangi bosqichiga o‘tdi:

“Afsuski, avvalgi yillarda shunday amaliyot bo‘lganki, deputatlar va senatorlarning o‘rni sezilmagan. Ammo hozir shunday, deb aytib bo‘lmaydi. Hozir hamma narsa tez o‘zgaryapti. Oddiy odam sifatida siz Senat, mahalliy kengashlar faoliyatidan bexabar bo‘lishingiz mumkin. Hatto, shahar kengashiga saylangan o‘z deputatingizni ham bilmaysiz. Bu deputatlar va senatorlarning faoliyatidagi juda katta kamchilik. Ular o‘zlariga taqdim etiladigan kun tartibidagi masalalarni ko‘rib chiqishi, bunga ovoz berishi, chiqish qilishi va o‘z fikrini bildirishi kerak, deb hisoblaydi. Shu yerda ularning roli tugaydi. Bu bir necha yil oldin kuzatilgan edi. Biz ba'zi muammoli mavzularni olib chiqib, hukumat a'zolarini eshituvga taklif qila boshladik. Bu ilgari hech qachon bo‘lmagan. Vazirlar yoki qo‘mita raislari minbardan bizning senatorlarning savoliga javob berishyapti. Mexanizm yaratildi, u takomillashtirilmoqda. Ma'lum vaqtdan keyin u o‘z natijalarini ko‘rsatadi. Senat haqiqiy Senat kabi ishlaydi”, - dedi T. Norboyeva.

Senat raisining fikricha, daraxtlar kesilishi yuz berayotgan hududlarda deputatlar, senatorlar va rahbarlar bor hamda ular tezkor reaksiya bildirishi kerak.

“Daraxtlar kesilishi ma'lum bir hududlarda kuzatilyapti. U yerda deputatlar, senatorlar va rahbarlar bor. Ular tezkor reaksiya bildirishi mumkin edi. Ammo bu kuzatilmayapti. Odamlar masalani ko‘taryapti, lekin biz o‘z vaqtida bunga reaksiya bildirmayapmiz. Senat yig‘ilishida bir tomondan Orol dengizi hududini ko‘kalamzorlashtirish ketayotganini aytdik, boshqa tomondan esa daraxtlar kesilmoqda. Bu paradoks. Daraxtlar kesishni taqiqlovchi qonunlar mavjud. Ammo bu qonunlarni qayta ko‘rib chiqish kerak. Daraxtlarni kesgan odamlarning javobgarligini kuchaytirish kerak. Ushbu qonunlar qanday ishlashini tahlil qilish kerak. Agar shunday harakatlar sodir bo‘layotgan bo‘lsa, demak ular ishlamayapti. Bundan tashqari, kesayotgan odamlarning javobgarligi. Bu odamlar mebel sanoatidagi tadbirkormi yoki qurilish uchun yer ajratgan hokimiyat vakili bo‘ladimi, mas'uliyatni o‘zi ham tushunmaydi. Odamlarning huquqiy bilimi kamligi, qonunlarga rioya qilinmasligi, qonunchilik me'yorlarining sustligi va ushbu harakatlar ustidan aniq parlament nazoratining yo‘qligi bunga sabab”, - dedi Senat raisi.

Parlament saylovlari haqida:

“Partiyalar faollashdi, ular eski usulda ishlash va mamlakatda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlardan ortda qolish mumkin emasligini tushunishdi. Aholi siyosiy partiyalarga qaraganda ko‘proq muammolarni ko‘taryapti. Shuning uchun partiyalar hozir xulosa qilyapti. Ularning dasturlari bir-biridan farq qiladi. Ilgari dasturni ajratib bo‘lmasdi. Bizda nomzodlarga ko‘proq ovoz berishadi. Bu odam qanchalik mashhur, u qanday muammolarni hal qila oladi va hokazo. Menimcha, odamlar hozir juda o‘ylangan holda qaror qabul qiladi”.

Tanzila Norboyevaning so‘zlariga ko‘ra, hozir islohotlar juda tez sur'atda amalga oshirilmoqda.

“Ushbu jarayonlarning ortida mustahkam qonunchilik bazasini yaratish kerak. Meni tashvishga solayotgan asosiy muammo shundaki, qonunlar hali ishlamayapti. Aholi bilishi kerak. Ular ijro etilishini talab qila olishi lozim. Eng muhimi, ushbu qonunlarning ijrochilari mas'uliyatni his qilishlari kerak va qonunlarning ijrosi har bir rahbarning asosiy masalasiga aylanishi shart. Yaqinda video ko‘rdim. Kun.uz O‘zbekistonning Turkiyadagi elchisi Alisher A'zamxo‘jayev bilan suhbatlashgan. Elchi shunday deydi: “Biz bu yerda biznes loyihalarni tashkil qilish uchun investorlarni jalb qilyapmiz. Ayrim hokimlar shunday deyishmoqda: “Men sizga hech kim tegmasligini kafolatlayman. Siz o‘z ishingizni qilasiz, biznes-loyihalar yaratasiz, O‘zbekistonda, men kafilman”. Shunda investorlar yuz o‘girib ketyapti. Ular: “Kafolat beruvchisi bitta bo‘lgan mamlakatda biz hech narsa qilmaymiz”, deyishmoqda.”. Bu biz uchun eng katta og‘riqli masaladir. Chunki mamlakatda qonunlar ustunlik qilishi kerak. Qonun hamma uchun bir xil bo‘lishi lozim. U samarali va so‘zsiz ishlashi shart”, - deydi u.

Suriyadan ayollar va bolalarning qaytishi:

“Ularning qaytib kelishidan oldin ushbu davlatlar hukumatlari bilan ko‘p ish qilindi. Ular bu yerga olib chiqishda katta qiyinchiliklar bo‘ldi. Qaytib kelgan ayollar xatolarini takrorlamasliklariga to‘liq ishonch yo‘q edi. Qaytmoqchi bo‘lganlar qaytib kelishdi. U yerda juda ham havas qilarli holat yo‘qligini ko‘rishdi. Ayollar turli sabablarga ko‘ra ketishgan. Ba'zilarida eri oldindan ketib, keyin oilasini chaqirgan. Internetda tanishib, so‘ng ketib qolganlar ham bo‘lgan. Ba'zida Rossiya Federatsiyasi yoki boshqa davlatlarga ishlash uchun ketganlarni aldash yo‘li bilan jalb qilishgan. Jurnalistlar bu ayollar uchun nima qilinayotganidan bexabar. Bu bizning tuzilmalarning xatosi, ular bu haqda gapirmayapti. Qaytarilganlarga imkoniyat berilmoqda. Bu kattalar uchun. Bolalarga esa normal hayot kechirish uchun imkoniyat yaratilmoqda. Bu bizning bolalar. Ularning hech qanday aybi yo‘q”.

Mavzuga oid