Oliy Majlis Senatining 18-yalpi majlisida «O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi to‘g‘risida»gi konstitutsiyaviy qonun ko‘rib chiqilib, senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Ta’kidlanishicha, qonun yangi tahrirdagi konstitutsiya talablaridan kelib chiqqan holda ishlab chiqilgan bo‘lib, prezident administratsiyasining davlat boshqaruvi tizimidagi o‘rni, huquqiy maqomi va faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini konstitutsiyaviy qonun darajasida belgilashga qaratilgan.

Hujjatga muvofiq, prezident administratsiyasi davlat rahbarining vakolatlarini amalga oshirishni tashkiliy, huquqiy va tahliliy jihatdan ta’minlaydi. Shuningdek, unda administratsiyaning faoliyat prinsiplari, tarkibiy tuzilishi, ish faoliyatini tashkil etish tartibi, davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlik mexanizmlari belgilab berilgan.

Qonunda administratsiya mansabdor shaxslari, boshqaruv va xizmatchi xodimlarining huquqiy kafolatlari ham mustahkamlangan. Shu bilan birga, davlat organlari va tashkilotlari bilan o‘zaro munosabatlarning huquqiy asoslari aniqlashtirilgan.

Qayd etilishicha, qonun loyihasini ishlab chiqish jarayonida AQSh, Finlandiya, Chexiya, Slovakiya, Ruminiya, Latviya, Qozog‘iston va boshqa qator davlatlarning tajribasi o‘rganilgan.

Senatorlar fikricha, mazkur konstitutsiyaviy qonun prezident faoliyatini tashkiliy, huquqiy va tahliliy jihatdan ta’minlashning huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish, davlat organlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash hamda davlat boshqaruvi samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.