Tahririyatga 2016 yil 29 fevral kuniga qadar Chirchiq shahridagi «Payvand» mas'uliyati cheklangan jamiyatining 100 foizlik ulushiga egalik qilib kelgan Ashurboy Toshmatov murojaat qildi. Uning ma'lum qilishicha, «Payvand» MChJning boshqa shaxslar foydasiga o‘tkazilgan mulklari sudning mantiqsiz qarori natijasida o‘zga shaxslarda qolib ketmoqda.
«2016 yil 6 fevral kuni shaxsiy ishlarim bilan Rossiya Federatsiyasida yurgan vaqtimda «Payvand» MChJning ustav fondidagi 100 foizlik ulushimdan boshqa shaxslar, ya'ni T.M.To‘ychiyeva, S.U.Tadjibayeva va D.N.Tojiboyeva foydasiga voz kechish to‘g‘risida notarial tartibda ariza berdim. Krasnoyarsk o‘lkasi notarial idorasi tomonidan tasdiqlangan mazkur arizamga asosan 2016 yil 29 fevral kuni «Payvand» MChJning umumiy yig‘ilish qarori qabul qilingan. Ustav talablariga muvofiq qarorni o‘g‘lim A.A. imzolagan.
Shunday qilib, «Payvand» MChJning ustav fondidagi ulushlar T.M.To‘ychiyevada 50 foiz, S.U.Tadjibayevada 25 foiz, D.N.Tojiboyevada 25 foiz qilib belgilandi hamda ta'sis hujjatlariga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar 10 mart kuni Chirchiq shahar tadbirkorlik sub'yektlarini ro‘yxatga olish inspeksiyasida davlat ro‘yxatiga olindi.
«Payvand» MChJ va uning mol-mulklarida biror huquqimiz qolmagan bo‘lsa-da, o‘g‘lim va jamiyatning o‘sha paytdagi ijrochi direktori bo‘lgan D.Z. qalbaki hujjatlar tayyorlab, 2016 yil 6 aprel kuni Chirchiq shahridagi 3-sonli notarial idora orqali Chirchiq shahrining 50 yilligi prospekti 1-uy manzilida joylashgan bino-inshootlarni fuqaro D.K.ga sotib yuboradi.
2016 yil 29 fevraldan keyin o‘g‘lim yoki jamiyat ijrochi direktorining jamiyat mulkini tasarruf etish huquqi bo‘lmagan. Qolaversa, bu oldi-sotdi shartnomasi jamiyat to‘liq boshqa shaxslar ixtiyoriga o‘tkazilganidan qariyb bir oy o‘tib amalga oshirilgan. Bundan tashqari, oldi-sotdi obekti hisoblangan bino-inshoot «Payvand» MChJ balansida bo‘lish bilan bir qatorda uning Ustav fondi tarkibiga ham kiritilgan bo‘lgan.
G‘ayriqonuniy ravishda, vakolatli bo‘lmagan hamda mulkni tasarruf etish huquqiga ega bo‘lmagan shaxslar tomonidan amalga oshirilgan oldi-sotdi shartnomasi fuqarolik ishlari bo‘yicha Chirchiq tumanlararo sudining 2019 yilning 10 iyunidagi qarori bilan haqiqiy emas, deb topildi.
Muammolar shu bilan barham topdi, hammasi o‘z iziga tushib ketdi, deb o‘ylagan edik. Biroq adashgan ekanmiz. Bu masala fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi apellyatsiya instansiyasida qayta ko‘rib chiqildi. Apellyatsiya instansiyasining 2019 yil 23 avgustdagi ajrimi bilan fuqarolik ishlari bo‘yicha Chirchiq tumanlararo sudining 2019 yil 10 iyundagi qarori bekor qilib tashlandi. Oldi-sotdi shartnomasi esa o‘zi kuchida qoldi. G‘oyat mantiqsiz va adolatsiz qaror deb bilaman bu qarorni. Bu ajrimning chiqarilishi natijasida nizolarga mutlaqo aloqasi bo‘lmagan T.To‘ychiyeva mulkiy ziyon ko‘rmoqda», deya yozilgan murojaatda.


















