Kongressda ikkita ovoz berish jarayoni o‘tkazildi - ikkita ayblov bo‘yicha.

Hokimiyat vakolatlarini suiiste'mol qilish bo‘yicha (Ukraina bilan munosabatlarda) moddaga kongressmenlarning 230 nafari ovoz berdi, 197 kishi qarshi bo‘ldi.

Kongress faoliyatiga to‘sqinlik qilish bo‘yicha ayblov moddasi esa impichment uchun 229 ovoz to‘pladi, 199 nafar kongressmen qarshi ovoz berdi.

Vakillar palatasidagi respublikachilarning birortasi impichmentni yoqlamadi. 2 nafar demokrat birinchi ayblovga, 3 nafar demokrat ikkinchi ayblovga qarshi ovoz berdi.

Impichment e'lon qilish uchun esa ikki ayblovdan birortasi 216 ovoz to‘plashi kifoya qilar edi.

Vakillar palatasidagi ovoz berish jarayonida demokratlar Donald Trampni hokimiyatdan chetlatish niyatidan qaytmasliklarini ta'kidlashdi. Lekin bu ovoz berish natijalari Qo‘shma shtatlar prezidenti o‘z lavozimini tark etishini anglatmaydi, rasman impichment e'lon qilinishi esa unga keyingi muddatga saylanishga to‘siq bo‘lolmaydi.

Haftaning dushanba kunida kongressdagi demokratlar 658 sahifadan iborat hisobotni nashr qilishgan, unda Tramp poraxo‘rlikda va Ukraina prezidentini AQShning sobiq vitse-prezidenti Jo Baydenga qarshi ish ochishga majburlashga urinishda ayblangan.

Impichment moddalari

Bunga qadar kongressning yuridik qo‘mitasi prezident impichmenti moddalarini tasdiqlagandi - hokimiyat vakolatlarini suiiste'mol qilish va kongress faoliyatiga to‘sqinlik qilish. 

Donald Trampga nisbatan hokimiyat mansabini suiiste'mol qilish bo‘yicha ayblov u joriy yilning 25 iyulida Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiydan Jo Baydenning o‘g‘liga nisbatan tergov ochishga urinishlari ortidan e'lon qilingan — Barak Obama prezidentligi davrida uning vitse-prezidenti bo‘lgan Jo Bayden 2020 yilgi prezidentlik saylovlarida Trampning asosiy raqibi sanaladi. 

Kongressdagi ovoz berish vaqtida Tramp Michiganga, o‘z tarafdorlari bilan Rojdestvo arafasidagi mitingga jo‘nab ketdi

Suhbat davomida AQSh prezidenti ukrainalik hamkasbidan Jo Baydenning o‘g‘li Xanter Baydenga qarshi aksilkorrupsiyaviy ish bilan shug‘ullanishni so‘ragan. Tramp Ukrainaga moliyaviy yordam ajratilishi ushbu mamlakatda Xanter Baydenga qarshi aksilkorrupsiya ishi qayta boshlanishiga bog‘liqligiga ishora qilgan. Tramp suhbat davomida Baydenning familiyasini sakkiz marta tilga olgani haqida yozgan edi.