Jahongir Mahkamov 15 yoshidan beri elektr-montaj yo‘nalishida ishlaydi. O‘z yo‘nalishi bo‘yicha turli korxonalarda, sexlarda turli vazifalarni bajargan; 2009 yildan beri esa Sirdaryo viloyati «Yo‘lreftrans» AJda elektr-mexanik sifatida faoliyat yuritmoqda.

«Elektr-mexanika – menga ota kasb. Dadam ham shu sohada faoliyat yuritgani uchun bolaligimdan menda ham shu yo‘nalishga qiziqish bo‘lgan. Hozir ishlayotgan tashkilotimga ham dadam bilan birga kelganman», - deydi Jahongir Mahkamov.

Uning aytishicha, ishlayotgan korxonasidagi tajriba unga elektr bilan bog‘liq yo‘nalishni yaxshi tushunib olishiga katta yordam bergan.

«Boshida har xil generatorlarni buzib, ichki qismlarini o‘rgandim. Turli tajribalar o‘tkazdim. Ko‘p narsa o‘xshamagan.

Lekin hozir elektronika, elektr montaj yo‘nalishida elektrodvigatellar, transformatorlar, ammumulyatorlar bo‘yicha ishlanmalar ustida muvaffaqiyatli ishlayapman», – deydi muhandis.

«Oliy ma'lumot olishga vaqtimni qizg‘anaman... »

Jahongir Mahkamovning aytishicha, maktabda uncha yaxshi o‘qimagan bo‘lsa-da, o‘quvchilik paytlaridanoq tok bilan ishlashga qiziqishi tufayli kichik ixtirolar qilishni boshlagan.

«Ancha erta ishlay boshlaganim tufayli dastavval oliy ma'lumot olishga uncha qiziqmaganman. Keyinroq ayrim OTMlardan takliflar ham tushdi. Masalan, Toshkent davlat texnika universitetida bir necha oy o‘qidim. Lekin vaqtim bo‘lmagani uchun o‘qishni oxirigacha yetkaza olmadim.

Qiziqishim orqasidan vaqt chegaralanganday tuyuladi. Agar hozir 31 yoshda bo‘lsam, 16 yil umrim qanaqa qilib texnikalar orasida ko‘z ochib yumguncha o‘tganini sezmaganman.

Lekin haligacha yasashim mumkin bo‘lgan narsalarni o‘ylab kechalari ham uxlolmayman. Hali menga ma'lum bo‘lmagan narsalar ko‘p, ularning oxiriga yetish uchun harakat qilaman», - deydi u.