Olmazor tumanidagi 201-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida bir oilaning ikki nafar farzandiga nisbatan zo‘ravonlik bo‘lgani haqidagi Kun.uz materiali ortidan Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi.
“Mazkur holat bo‘yicha Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining tegishli buyrug‘iga asosan xizmat tekshiruvi tayinlangan hamda ayni paytda xizmat tekshiruvi olib borilmoqda.
Shuningdek, holat yuzasidan Olmazor tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi tomonidan surishtiruv ishlari amalga oshirilmoqda. Voqeaning barcha holatlariga xolisona baho berish hamda unga to‘liq aniqlik kiritish maqsadida tegishli ekspertizalar tayinlangan”, deyiladi boshqarma xabarida.
MMTB ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarini tekshiruvlar yakunlanmasdan turib tasdiqlanmagan yoki biryoqlama ma’lumotlarni tarqatmaslikka, shuningdek, pedagoglarning sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘siga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan xulosalarni bildirmaslikka chaqirdi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur holat Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan alohida nazoratga olingan. Xizmat tekshiruvi hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan olib borilayotgan surishtiruv natijalari bo‘yicha qo‘shimcha rasmiy axborot taqdim etiladi.
Eslatib o‘tamiz, Kun.uz'ga murojaat qilgan ona Olmazor tumanidagi 201-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida egizak farzandlaridan biri bog‘chada komaga tushganini, ikkinchisi esa ko‘ziga jarohat yetgan holda uyga qaytganini ma’lum qilgan edi. Ona har ikki holatda ham voqeaga oydinlik kiritishi mumkin bo‘lgan videokuzatuv kameralari yozuvlari taqdim etilmaganini bildirgan. Shuningdek, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi avvalroq o‘tkazilgan xizmat o‘rganuvida onaning ayrim vajlari o‘z tasdig‘ini topganini, tarbiyachiga nisbatan intizomiy chora ko‘rilganini ma’lum qilgan edi.
Kun.uz mazkur holat bo‘yicha xizmat tekshiruvi va surishtiruv natijalarini kuzatib boradi.











