AQShning FLEX ta'lim dasturi uchun arizalar qabuli boshlandi. Unda dunyoning 40dan ortiq mamlakati bolalari hujjat topshirishi mumkin.
O‘zbekistonlik talabgorlar uchun oxirgi muddat 6 fevral etib belgilangan.
FLEX dasturi tarixiga nazar
Future Leaders Exchange – FLEX (Kelajak liderlari almashinuvi) dasturiga oid qonun AQShda 1991 yilda qabul qilingan.
Avvaliga loyiha Amerikaning sobiq Sovet Ittifoqi hududidagi davlatlar bilan aloqalarini rivojlantirishga qaratilgan edi. Keyinchalik esa ro‘yxatga boshqa davlatlar ham qo‘shildi.
Loyihadan ko‘zlangan maqsad – amerikaliklar va boshqa millat vakillari o‘rtasida do‘stona aloqalarni o‘rnatishdir. Minglab amerikaliklar va mahalliy maktablar grantni qo‘llab-quvvatlaydi va hech qanday haq olmasdan g‘oliblarni o‘qitadi, oilalariga qabul qiladi.
O‘tgan 27 yil mobaynida FLEX dasturi o‘rta maktablarning 28 000 nafar o‘quvchisiga stipendiyalar ajratdi. 2019/20 o‘quv yili uchun jami 977ta kvota berilgan.
Ular orasida shu loyiha doirasida bilim olib qaytgan va keyinchalik yaxshi lavozimlarni egallagan o‘zbekistonlik yoshlar ham bor.
Maktab va litsey bitiruvchilari uchun
Bu yilgi dastur uchun 2002 yilning 15 fevralidan 2004 yil 31 martgacha bo‘lgan muddatda tug‘ilgan va hozir 11-sinfda yoki akademik litseyning oxirgi bosqichida o‘qiyotgan o‘zbekistonlik bolalar hujjat topshirishi mumkin.
Hujjatlar https://ais.americancouncils.org/flexuz havolasida qabul qilinadi.
Ro‘yxatdan o‘tilgach, dastur imtihonlari vaqti haqida talabgorning elektron pochtasiga ma'lumotlar yuborib turiladi. Arizada talabgor imtihonlarni topshirish uchun Toshkent, Nukus, Namangan, Samarqand kabi shaharlardan o‘ziga mosini tanlashi mumkin.















