Ingliz tilini yaxshi bilasizmi? AQShdagi o‘rta ta'lim maktabida bir yil tahsil olishni istaysizmi? Haqiqiy amerikalik oilada yashab, ularning hayot tarzi, tilini yaqindan o‘rganishni-chi? U holda FLEX dasturi aynan siz uchun!
Future Leaders Exchange – FLEX (Kelajak liderlari almashinuvi) dasturi AQSh davlat departamentining Ta'lim va Madaniyat ishlari byurosining madaniy almashinuv loyihasi hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi bilan hamkorligida tashkil etilayotgan mazkur dastur yurtimiz maktablarida tahsil olayotgan o‘quvchilarga AQShning o‘rta maktabida o‘qish va amerikalik mezbon oilada bir yil davomida yashash imkoniyatini beradi. Dastur AQSh hukumati tomonidan to‘liq moliyalashtiriladi.
2021-2022 yil uchun FLEX dasturi imtihonlari onlayn ravishda amalga oshiriladi. Unda qatnashish barcha uchun ochiq va bepul bo‘lib, tanlovda nogironligi bor shaxslar ham ishtirok etishi mumkin.

Dasturda qatnashish uchun asosiy talablar esa quyidagicha:
1. Yosh va sinf mezonlariga mos kelish. 2004 yil 1 yanvardan 2006 yil 15-iyulgacha tug‘ilgan va maktabda 9, 10 yoki 11-sinflarda, yoki litsey, kollejning 1 yoki 2 bosqichida o‘qiyotgan bo‘lishi;
2. Ariza topshirayotgan paytda O‘zbekiston maktabida ta'lim olayotgan va istiqomat qilayotgan bo‘lishi;
3. Yaxshi va a'lo baholarda o‘qish;
4. Ingliz tilini a'lo darajada o‘zlashtirish va tanlov doirasida ushbu mahoratni namoyon eta olish;
5. Amerika vizasi talablariga javob berish;
6. O‘zbekiston fuqarosi bo‘lish;

Arizani to‘ldirish uchun internet orqali ais.americancouncils.org yoki discoverflex.org manziliga kirish lozim. Arizalar 2020 yil 1 sentyabrdan 15 oktabrgacha qabul qilinadi. Ariza topshirish boshlanganidan keyin 10 kun muddat ichida tugatish lozim.














