15:26 / 21.01.2020
0
12086

O‘zbekiston milliy jamoasining yana bir futbolchisi Koreya chempionatiga o‘tdi

O‘zbekiston milliy jamoasiga nomzod futbolchilardan biri bo‘lgan Dostonbek Tursunov faoliyatini Janubiy Koreya K-1 Ligasida davom ettiradi. Bu mavsum yuqori divizionga chiqqan «Busan Ay Park» klubi o‘zbekistonlik himoyachi transferini e'lon qilgan.

Ayni vaqtda 24 yoshda bo‘lgan Dostonbek Tursunov ampluasiga ko‘ra markaziy himoyachi hisoblanib, 2018 yil Xitoyda bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida O‘zbekiston U-23 jamoasining chempionlikka erishishiga katta hissa qo‘shgan futbolchilardan biri bo‘lgandi.

Futbolchilik faoliyatini Farg‘onaning «Neftchi» klubida boshlagan va keyinchalik klub sardoriga aylangan Doston Tursunov 2018 yilning dekabrida Yaponiyaning «J2» ligasi vakili «Renofa Yamaguchi» klubi bilan 2 yillik shartnoma imzolagan, uning shartnomasi 2020 yilning 31 dekabriga qadar tuzilgandi.

Ayni vaqtda koreyaliklar klubi uni qanday narxga transfer qilgani ma'lum emas. 

Transfermarkt ma'lumotiga ko‘ra, futbolchining transfer qiymati 300 ming yevroni tashkil etadi.

Ma'lumot uchun, Dostonbek Tursunov Ektor Kuper murabbiyligi davrida O‘zbekiston milliy jamoasiga jalb qilingandi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top